UzNIF aktivlari yarim yilda 6,1 foizga oshdi

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 2026-yilning dastlabki olti oyidagi moliyaviy natijalarini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, fondning sof aktivlari qiymati 6,1 foizga o‘sib, 30-iyun holatiga 31,67 trln so‘mga yetgan.
Bir aksiya qiymati ham oshdi
Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, 30-iyun holatida bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan sof aktivlar qiymati 6,2659 so‘mni tashkil etgan. Aprel oyida aksiyalar 5:1 nisbatda konsolidatsiya qilinganini hisobga olganda, bu ko‘rsatkich yil boshidagi 5,9082 so‘mga nisbatan qariyb 6,1 foizga yuqori.
Fond aktivlari o‘sishining asosiy omillaridan biri iyun oyida investitsiya portfelining qayta baholangani bo‘lgan.
Aksiyalar narxi ham ko‘tarildi
UzNIF aksiyalari 18-may kuni London fond birjasida listing qilingan. Listingdan keyin fond aksiyalari narxi 21,5 foizga oshib, 4,65 so‘mdan 5,65 so‘mga yetgan.
Global depozitar tilxatlar (GDR) qiymati esa 26,4 foizga o‘sib, 25 dollardan 31,60 dollargacha ko‘tarilgan.
Portfel qiymatining oshishida energetika kompaniyalari aksiyalari muhim rol o‘ynagan. Xususan, «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyalari 114 foiz, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» 81 foiz va «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyalari 50 foizga qimmatlashgan.
Shuningdek, «O‘ztelekom» qiymati 30 foiz, SQB aksiyalari esa 9 foizga oshgan.
Fond 341 mlrd so‘mga yaqin dividend oldi
Hisobot davrida UzNIF portfelidagi uchta kompaniyadan jami 340,996 mlrd so‘m miqdorida dividend olgan. Dividendlar «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» va «O‘ztelekom» tomonidan to‘langan.
1-avgustdan energetika va gaz sohasidagi tartibga solinadigan tariflar qayta ko‘rib chiqilgan. Biroq ushbu o‘zgarishlar 30-iyun holatidagi fond hisobotlariga kiritilmagan. Ularning portfel kompaniyalariga ta’siri hozirda baholanmoqda.
Fond boshqaruvida ham o‘zgarishlar kutilmoqda
UzNIF kuzatuv kengashi 16-sentabr kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini o‘tkazishni rejalashtirgan. Unda Xyu van Katsmaning kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylanishi va uning mehnat shartlari muhokama qilinadi.
Fondning «O‘zbekgidroenergo»dagi ulushi qo‘shimcha aksiyalar chiqarilishi sababli vaqtincha 37 foizgacha tushgan. Hisobot davridan keyin esa ulush yana 40 foizga yetgan.
UzNIF 2024-yil 27-avgustdagi Prezident qarori asosida tashkil etilgan. Fond portfelida transport, moliya, energetika, kommunal infratuzilma va telekommunikatsiya sohalarida faoliyat yurituvchi 13 ta davlat korxonasining 25 – 40 foizlik ulushlari mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzNIF’ning sof aktivlari $2,63 mlrdga yetib, Londonda kotirovkalar yana o‘sayotgani haqida yozgandi.