Nepal halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun 5 milliard dollar so‘ramoqda

Nepal va Xitoyning Tibet hududida muzlik qulashi oqibatida yuzaga kelgan halokatli suv toshqini tufayli 600 dan ortiq kishilar halok bo‘ldi, 3 mingga yaqin odamlar bedarak yo‘qoldi. Hukumat mamlakatni qayta tiklash uchun $4-5 mlrd mablag‘ va xalqaro hamjamiyatdan qutqaruv ishlariga emas, balki aniq ixtisoslashtirilgan texnik yordamga muhtojligini bildirmoqda.
Qurbonlar va bedarak yo‘qolganlar
Muzlik qulashi oqibatida kelib chiqqan toshqinlar tog‘ daryolari tizimini vayron qilib, Nepalda 626 kishi va Xitoyning Tibet hududida 7 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Hozirgi kunda 3000 ga yaqin odamlar, jumladan, Nepalda 2426 kishi va Tibetning Gyirong okrugida 558 kishi qidirilmoqda. Yo‘qolganlarning kamida 540 nafari xorijliklar bo‘lib, ularning asosiy qismini Hindistondan kelgan hindu ziyoratchilar tashkil etadi.

Ob-havo qidiruv ishlarini to‘xtatdi
Yomg‘ir va quyuq tuman sababli shanba kuni qidiruv-qutqaruv operatsiyalari vaqtincha to‘xtatildi. Rasuwa mintaqasi rasmiylarining ta’kidlashicha, hozirgi asosiy e’tibor qutqarilgan ziyoratchilarni poytaxt Katmanduga yetkazish uchun yer usti transportini tashkil etishga qaratilgan. Shuningdek, toshqin hududining yuqori qismida joylashgan ikkita ko‘l to‘liq bo‘shamaguncha yangi xavf saqlanib qolishi haqida ogohlantirilgan.
Xalqaro texnik yordamga ehtiyoj
Nepal moliya vazirining ta’kidlashicha, vayron bo‘lgan hududlarni qayta tiklash uchun mamlakatga $4-5 mlrd talab etiladi. Tashqi ishlar vaziri Shisir Hanal mamlakatga umumiy qutqaruv guruhlari emas, balki maxsus xizmatlar kerakligini alohida ta’kidladi.
«Bizga tunnellar ichida qolib ketganlarni olib chiqish, vayron bo‘lgan ko‘priklarni tiklash, jasadlarni identifikatsiya qilish va ularni uzoq vaqt saqlash kabi yetarli tajriba va texnik bilimga ega bo‘lmagan sohalar bo‘yicha yordam kerak», – dedi u o‘z intervyusida.

Xalqaro reaksiya va ko‘mak
Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida Hindiston Nepalga 60 tonna gumanitar yordam, jumladan, dori-darmon va toza suv jo‘natdi. Shuningdek, qo‘shni davlat tunnellar qazish hamda ko‘priklarni tiklash bo‘yicha maxsus guruhlarini taklif qildi. Pekin esa halokat hududlariga shoshilinch yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro hamkorlikka chaqirmoqda. Xitoy rasmiylari, o‘z navbatida, toshqindan keyin bedarak yo‘qolgan 500 dan ortiq o‘z fuqarolarini qidirish ishlarini davom ettirmoqda.
Avvalroq Kursiv nashri Nepaldagi suv toshqinida halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligi haqida xabar bergan edi.