Oregon shtatida 1-sentabr «O‘zbekiston Mustaqilligi kuni» deb e’lon qilindi

AQShning Oregon shtatida 2026-yil 1-sentabr butun shtat miqyosida «O‘zbekiston Mustaqilligi kuni» deb rasman e’lon qilindi va bu haqdagi proklamatsiyani shtat gubernatori Tina Kotek hamda davlat kotibi Tobias Rid tasdiqladi.
Hamkorlik va islohotlar e’tirofi

Proklamatsiyada O‘zbekistonning suverenitetni mustahkamlash, madaniy merosni asrash, tinchlikni ta’minlash va islohotlarni amalga oshirish borasidagi harakatlari qayd etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo, investitsiya, texnologiyalar, ta’lim, toza energetika va turizm sohalaridagi hamkorlikning kengayib borayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi roliga ham e’tibor qaratilgan. Ushbu tan olinish O‘zbekiston – AQSh munosabatlarining rivojlanib borayotganini ko‘rsatadi.

Oregon shtatining salohiyati
Ma’lumot uchun, Oregon AQShning Tinch okeani sohilidagi yirik iqtisodiy va texnologik markazlardan biri hisoblanadi. Shtat aholisi 4,3 milliondan ortiq kishilarni tashkil etadi. Hududda yarimo‘tkazgichlar sanoati rivojlangan bo‘lib, xususan, «Intel» kompaniyasining yirik ilmiy-ishlab chiqarish majmuasi faoliyat yuritadi.
Avvalroq AQShning Sietl shahri ham 1-sentabrni «O‘zbekiston Mustaqilligi kuni» deb e’lon qilgan edi.