Grand-Kanyonida kuchli suv toshqini: qurbonlar bor

29-avgust kuni AQShning Grand-Kanyon milliy bog‘ida kuchli jala quyishi oqibatida vayronkor suv toshqinlari yuz berdi. Tabiiy ofat oqibatida o‘nlab sayyohlar evakuatsiya qilindi, halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.
Qurbonlar va qidiruv ishlari
Bog‘ ma’muriyatining ma’lum qilishicha, Kolorado daryosidagi Kristal-Rapids hududidan 46 yoshli erkakning jasadi topilgan. Shuningdek, xavfli hududdan 62 nafar sayyoh xavfsiz joyga ko‘chirilgan. Hozirda 15 ga yaqin kishilar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda va qutqaruvchilar ularni qidirishni davom ettirmoqda.
Infratuzilmaga jiddiy zarar
Shanba kungi kuchli yomg‘irlardan so‘ng bog‘ning shimoliy qismida boshlangan toshqin hudud infratuzilmasiga katta talafot yetkazdi. Xususan, eng mashhur piyodalar marshrutlaridan biri – «Bright Angel Trail» joylashgan Brayt-Enjel kanyonida ko‘plab obyektlar vayron bo‘lgan.
Suv ta’minotidagi uzilishlar
Toshqin oqibatida nafaqat yo‘llar, balki bog‘ni turistik infratuzilma va yong‘in o‘chirish uchun suv bilan ta’minlovchi asosiy vodoprovod tarmog‘i ham shikastlangan. Bu holat hududda xavfsizlik va xizmat ko‘rsatish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda tiklash ishlari uzoqroq vaqt talab qilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv nashri Nepal halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun 5 milliard dollar so‘rayotgani haqida xabar bergan edi.