Mirziyoyev Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilishida ishtirok etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahriga amaliy tashrifi doirasida VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir «Bishkek-Arena» stadionida bo‘lib o‘tdi. Unda Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari rahbarlari hamda boshqa mehmonlar qatnashdi.
O‘zbekistondan 141 nafar sportchi qatnashmoqda
Joriy yilgi Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida 90 dan ortiq mamlakatlardan 3 mingdan ziyod sportchilar ishtirok etmoqda.
O‘zbekistondan musobaqalarga 141 nafar sportchi jalb qilingan. Ular 30 ta sport turi bo‘yicha bellashadi.
Ular kurash, sambo, armrestling, kamondan o‘q otish va ot sporti kabi yo‘nalishlarda medallar uchun kurash olib boradi.
Ko‘chmanchi xalqlar madaniyatiga bag‘ishlangan dastur namoyish etildi
Ochilish marosimi doirasida ishtirokchilarga ko‘chmanchi xalqlarning boy tarixi va madaniyati, an’ana hamda urf-odatlariga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi namoyish qilindi.
VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari an’anaviy sport turlarini ommalashtirish, turli xalqlarning madaniy merosini targ‘ib qilish va xalqaro sport aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan yirik musobaqalardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarovning taklifiga binoan Shanxay hamkorlik tashkiloti tadbirlarida ishtirok etish uchun Bishkek shahriga jo‘nab ketgandi.