Si Szinpin Tibetdagi dahshatli sel haqida gapirdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Falokat oqibatida 781 kishi halok bo‘lgan, yana 2 502 kishi bedarak yo‘qolgan
Foto: Niranja.com

Xitoy raisi Si Szinpin Tibet avtonom rayonidagi kuchli sel oqibatlarini bartaraf qilish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi. U bu haqda 31-avgust kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan Bishkekda o‘tkazilgan uchrashuvda gapirdi.

Si Szinpin tabiiy ofat munosabati bilan hamdardlik bildirgani uchun Qirg‘iziston tomoniga minnatdorlik bildirgan.

Bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda

Xitoy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Tibetning Shigadze shahridagi G‘irong tumanida bedarak yo‘qolgan Xitoy va boshqa davlatlar fuqarolarini qidirish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, tabiiy ofatdan jabrlangan aholini xavfsiz hududlarga ko‘chirish, ularni vaqtincha joylashtirish va jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

Rasmiylar ikkilamchi tabiiy ofatlarning oldini olish bo‘yicha ham ish olib bormoqda.

Xitoy Nepaldagi qutqaruv ishlariga ham yordam yubordi

Si Szinpinning ta’kidlashicha, Xitoy Nepalga tezkor ravishda qutqaruvchilarni yuborgan hamda mamlakatga favqulodda yordam ko‘rsatgan.

Tabiiy ofat Langtang-Lirung tog‘idagi muzlikning qisman qulashidan so‘ng yuz bergan. Muz massasi Lxende-Xola daryosi darasiga qulab, daryo oqimini to‘sib qo‘ygan.

Natijada zanjirli jarayon yuzaga kelib, yana uchta daryoga ta’sir ko‘rsatgan. Hosil bo‘lgan kuchli sel oqimlari Nepalning olti hududi hamda Xitoyning Tibet avtonom rayonida katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan.

Yuzlab odamlar halok bo‘ldi

Nepal tabiiy ofatlarga qarshi kurash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, falokat oqibatida 781 kishi halok bo‘lgan, yana 2 502 kishi bedarak yo‘qolgan.

Xitoy tomoni esa G‘irong tumanida 16 kishi vafot etgani va 546 kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan.

Tibetning Nepal bilan muhim chegara o‘tish punktiga yaqin hududida, shuningdek, 23 davlatning 261 nafar fuqarosi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nepal halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun 5 milliard dollar so‘ragani haqida yozgan edi.

Shuningdek