6-sentabr kuni Toshkentdagi ayrim ko‘chalarda harakat kun yarmigacha cheklanadi

eʼlon qilindi
«Toshkent xalqaro yarimmarafoni» o‘tkazilishi munosabati bilan
6-sentabr kuni Toshkentdagi ayrim ko‘chalarda harakat kun yarmigacha cheklanadi
Foto: Sport vazirligi

Toshkent shahrida 6-sentabr kuni «Toshkent xalqaro yarimmarafoni» o‘tkazilishi munosabati bilan poytaxtning bir qator markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Yarimmarafon Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan

Ommaviy yugurish musobaqasi O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etiladi. Ishtirokchilar xavfsizligini ta’minlash va tadbirni tartibli o‘tkazish maqsadida transport harakatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi.

Qaysi ko‘chalarda harakat cheklanadi

6-sentabr kuni soat 05:00 dan 14:00 gacha Islom Karimov, Sharof Rashidov, Afrosiyob, Oybek, Nukus, Abdulla Qodiriy, Hamidulla Oripov, Mustaqillik, Alisher Navoiy va Botir Zokirov ko‘chalarining ayrim qismlarida transport harakati cheklanadi.

Foto: Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Shuningdek, Amir Temur xiyoboni atrofidagi yo‘llar hamda O‘qchi ko‘chasining Botir Zokirov ko‘chasiga tutash qismida ham vaqtinchalik cheklov joriy etiladi.

Qo‘shimcha ko‘chalarda ham cheklov bo‘lishi mumkin

Musobaqaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar soni ko‘paygan taqdirda zaruratga qarab asosiy yo‘nalishlarga tutash boshqa ko‘chalarda ham transport harakati vaqtincha cheklanishi mumkin.

Foto: Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Haydovchilarga muqobil yo‘nalishlardan foydalanish tavsiya etildi

Haydovchilardan 6-sentabr kungi safarlarini oldindan rejalashtirish va imkon qadar muqobil yo‘nalishlardan foydalanish so‘raldi.

Shuningdek, yo‘l belgilari, vaqtinchalik cheklovlar va yo‘l harakatini tartibga soluvchi mas’ul xodimlarning ko‘rsatmalariga amal qilish tavsiya etilgan.

Cheklovlar musobaqa yakunlangach va yo‘llarda xavfsiz harakat tiklangach bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi Kichik halqa yo‘lining bir qismi to‘rt kunga yopilishi haqida yozgandi.

Shuningdek