70 ta kompaniya: O‘zbekiston mahsulotlari Turkiya bozoriga chiqishi mumkin

O‘zbekistonning 70 ta oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonasi Istanbulda bo‘lib o‘tgan «F-Istanbul» xalqaro ko‘rgazmasida o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Tadbir davomida xorijiy xaridorlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, yangi eksport shartnomalarini tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ko‘rgazma 26 – 29-avgust kunlari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston «Made in Uzbekistan» milliy stendi bilan qatnashdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Milliy ekspozitsiya Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJ ko‘magida tashkil etildi. Stend 800 kvadrat metr maydonni egalladi.
O‘zbekiston stendida yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, qandolatchilik mahsulotlari, quritilgan va qadoqlangan mahsulotlar, ichimliklar hamda boshqa oziq-ovqat tovarlari namoyish etildi.
Yangi eksport shartnomalari bo‘yicha kelishuvlar bo‘ldi
Ko‘rgazma davomida O‘zbekiston kompaniyalari xorijiy xaridorlar va biznes vakillari bilan «B2B» uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar yakunida yangi eksport shartnomalarini tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ma’lum qilindi.
Turkiya bozoriga chiqish imkoniyati kengaymoqda
Tadbir o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini xalqaro xaridorlarga bevosita taqdim etish, Turkiya va boshqa davlatlardan yangi hamkorlar topish imkonini berdi.
Shuningdek, ko‘rgazma O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston limon eksporti hajmini 2,2 barobarga oshirgani haqida xabar berilgandi. O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda, yetkazib berish hajmi va undan olinadigan daromad ikki barobardan ziyodga oshgani tarmoqdagi ijobiy holatni ko‘rsatadi.