AES qurilishida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 30 foizga yetkaziladi

eʼlon qilindi
33 ming aholiga mo‘ljallangan atomchilar shaharchasi quriladi
AES qurilishida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 30 foizga yetkaziladi
Foto: prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi va unga yondosh atomchilar shaharchasi qurilishi bo‘yicha loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbari AES qurilishida mahalliy korxonalar ishtirokini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha vazifalarni belgiladi.

Mahalliylashtirish darajasi oshiriladi

Qiymati $9,5 milliardga baholanayotgan loyiha doirasida qariyb 3 ming turdagi mahsulot va uskunalardan foydalanish rejalashtirilgan. Dastlab mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foiz, ya’ni $1,9 milliard atrofida bo‘lishi hisoblangan.

Prezident bu ko‘rsatkichni yetarli emas deb baholab, mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish topshirig‘ini berdi.

Shuningdek, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini O‘zbekiston korxonalari bajarishi va loyihaga 7 ming nafar mahalliy ishchi hamda mutaxassis jalb etilishi belgilandi.

Forishda yangi sanoat zonasi tashkil etiladi

Mahalliylashtirishni kuchaytirish maqsadida Forish tumanida 200 gektarlik qurilish materiallari sanoat zonasini tashkil etish taklif qilindi.

Hududda kamida 100 ta qo‘shma korxonani joylashtirish, texnologiyalarni olib kirish va 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Prezident ushbu taklifni ma’qullab, sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlarini berish bo‘yicha qaror loyihasini yil oxirigacha kiritishni topshirdi.

AES qurilishi faol bosqichda

Integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi 4-iyundan faol qurilish bosqichiga o‘tgan. Hozirgacha reaktor binosi uchun kotlovan to‘liq qazib bo‘lingan va 1 million kub metrdan ortiq tuproq chiqarilgan.

Poydevor plitasining bir qismiga 916 kub metr beton quyilgan. Qurilish-montaj bazasining 100 gektar maydonida ham yer ishlari amalga oshirilgan.

Ayni paytda qurilish maydonida 450 nafar ishchi va mutaxassis hamda 100 dan ortiq maxsus texnikalar ishlamoqda.

AES infratuzilmasi ham barpo etiladi

Stansiya uchun 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltlik podstansiya, ichimlik va texnik suv quvurlari, avtomobil hamda temir yo‘llar quriladi.

Ushbu infratuzilma obyektlarida ham mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60 – 70 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

33 ming aholiga mo‘ljallangan atomchilar shaharchasi quriladi

AES qurilishida ishlaydigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun 200 gektar hududda zamonaviy atomchilar shaharchasi barpo etish rejalashtirilgan.

Shaharcha qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallanadi. Bu yerda umumiy hisobda 10 mingga yaqin xonadonlar, dastlabki bosqichda esa 3 mingta xonadon qurilishi ko‘zda tutilgan.

Majmuada maktablar, bog‘chalar, tibbiyot, sport va madaniyat obyektlari, dam olish maskanlari hamda yashil hududlar tashkil etiladi. Ko‘p qavatli uylar energiya tejamkor texnologiyalar asosida qurilib, muqobil energiya va «aqlli» yoritish tizimlaridan foydalaniladi.

AES xavfsizligi xalqaro standartlar asosida ta’minlanadi

Prezident qurilishda xavfsizlik va sifat eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Barcha jarayonlar MAGATE talablari va xalqaro standartlarga muvofiq olib borilishi belgilandi.

22 – 26-iyun kunlari MAGATEning kompleks baholash missiyasi o‘tkazilib, O‘zbekiston milliy yadroviy infratuzilmasining rivojlanish holatiga yuqori baho berilgani qayd etildi.

Shuningdek, stansiyani kelgusida boshqaradigan operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislarni oldindan tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari AES va atomchilar shaharchasi qurilishini belgilangan muddatlarda, yuqori sifat va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov yodgorlik majmuasiga tashrif buyurgani haqida yozgandi.

Shuningdek