Gruziyaning yirik bank guruhi O‘zbekistondagi Top-5 banklardan birini sotib olishni rejalashtirmoqda

Gruziyaning Bank of Georgia bankiga egalik qiluvchi Lion Finance Group Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda yirik bank sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Lion Finance Group bosh direktori Archil Gachechiladze Bloomberg’ga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Kompaniya yangi bank tashkil etishdan ko‘ra, bozorda allaqachon faoliyat yuritayotgan yirik moliya tashkilotini xarid qilishni ma’qul ko‘rmoqda. Gachechiladzening so‘zlariga ko‘ra, guruh har bir bozorda Top-3 yoki Top-5 qatoriga kiruvchi banklarni ko‘rib chiqmoqda.
O‘zbekistonda qaysi banklar qiziqish doirasida
Kompaniya rahbari O‘zbekistonda qaysi bank bilan bog‘liq muzokaralar olib borilayotganini ochiqlamagan. Hozircha potensial bitim bo‘yicha rasmiy taklif yoki muzokaralar boshlanganiga oid ma’lumot ham yo‘q.
Agar Top-5 mezoni banklarning aktivlari hajmi bo‘lsa, Markaziy bankning 2026-yil 1-iyuldagi ma’lumotlari bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik besh bank quyidagilardan iborat: «Milliy bank», «Agrobank», «Sanoatqurilishbank» (SQB), «Kapitalbank» va «Asakabank».
Ularning jami bank tizimidagi aktivlarning qariyb yarmini tashkil etadi.
SQB va «Asakabank» asosiy nomzod bo‘lishi mumkin
Mazkur besh bankning aksariyatida davlat ulushi mavjud. «Milliy bank» va «Agrobank»da davlat ulushini saqlab qolish rejalashtirilgan, «Kapitalbank» esa xususiy bank hisoblanadi.
Shu sababli agar Lion Finance aynan aktivlari bo‘yicha Top-5 banklardan birini sotib olishni ko‘zlayotgan bo‘lsa, davlat xususiylashtirish rejasiga kiritgan SQB va «Asakabank» asosiy ehtimoliy variantlar sifatida ko‘rilishi mumkin.
Biroq hozircha ushbu banklarning birortasi Lion Finance bilan muzokara olib borayotgani rasman tasdiqlanmagan.
Lion Finance boshqa davlatlarda ham kengaymoqda
Lion Finance Group O‘zbekiston bilan bir qatorda Qozog‘iston, Boltiqbo‘yi va Bolqon mamlakatlaridagi bank aktivlarini ham o‘rganmoqda.
Guruh 2024-yilda Armanistondagi «Ameriabank»ni $303,6 millionga sotib olgan. Bu kompaniyaning Gruziyadan tashqaridagi ilk yirik bank xaridi bo‘lgan.
2026-yil mart oyida Lion Finance Group FTSE 100 indeksiga ham kiritilgan.
Bank of Georgia O‘zbekiston bozorini avvaldan o‘rganib keladi
Lion Finance Group tarkibidagi Bank of Georgia O‘zbekiston moliya bozoriga ilgari ham qiziqish bildirgan. 2024-yilda bank O‘zbekiston kapital bozoridagi «Tartibga solish qumdoni»ning birinchi xorijiy ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Bu kompaniyaga mamlakatning moliyaviy va tartibga solish tizimi bilan tanishish imkonini bergan.
Bitim amalga oshsa, bank sektoridagi yirik xaridlardan biri bo‘ladi
Lion Finance Group O‘zbekistonda yirik bankni sotib olsa, bu mamlakat bank sektoridagi eng katta xorijiy investitsiya bitimlaridan biriga aylanishi mumkin.
Bunday xarid amalga oshishi uchun bankning sotilishi, bitim qiymati va shartlari bo‘yicha kelishuvdan tashqari, tegishli davlat organlarining roziligi ham talab etiladi.
Hozircha esa Lion Finance Groupning O‘zbekistonda aynan qaysi bankni sotib olishga qiziqayotgani noma’lum.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda naqd valyutani olib chiqish bo‘yicha yangi limit joriy etilishi haqida yozgandi.