Honor smartfonlari qanday sinovdan o‘tkaziladi

2-sentabr 2026 16:31 eʼlon qilindi

(3-sentabr 2026 00:38 yangilandi)
Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Honor smartfonlari qanday sinovdan o‘tkaziladi
Foto: Honor

Honor kompaniyasi smartfonlarining mustahkamligini tekshirish bo‘yicha sinov dasturi tafsilotlarini oshkor qildi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.

Kompaniya jarayonni Honor Turbo modeli misolida ko‘rsatib, qurilmalar zarba, suv, yuqori bosim, harorat va batareya xavfsizligi bo‘yicha bir necha bosqichli sinovlardan o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Sinovlarning eng asosiy qismlaridan biri smartfonni bir metr balandlikdan 120 marta tushirishdan iborat. Buning uchun qurilma aylanuvchi maxsus barabanga joylashtiriladi. Bundan tashqari, yakka tushish sinovida smartfon 2,5 metr balandlikdan zarbaga bardosh berishi kerak.

Smartfon 120 marta tushiriladi

Honor’ning ma’lum qilishicha, mexanik mustahkamlik sinovida qurilma bir metr balandlikdan takroran tushiriladi. Jami 120 ta tushirish sikli amalga oshiriladi.

Bunda maqsad faqat korpusning tashqi ko‘rinishini emas, balki zarbadan keyin ichki qismlar, kamera, aloqa sifati va batareyaning xavfsiz ishlashini ham tekshirishdir.

Shundan so‘ng smartfon yana qayta sinovdan o‘tkazilib, uning IP66, IP68 va IP69K himoya darajalariga mosligi tekshiriladi.

2,5 metr balandlikdan tushish ham sinovdan o‘tkaziladi

Honor Turbo modeli uchun alohida yakka tushirish sinovi ham mavjud.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, qurilma 2,5 metr balandlikdan tushirilganda ham ishlash qobiliyatini saqlab qolishi kerak.

Bu bosqichdan keyin smartfonning kamera moduli, aloqa tizimi va akkumulyatori qayta tekshiriladi. Chunki kuchli zarba faqat korpusga emas, balki ichki modullarga ham ta’sir qilishi mumkin.

Suvdan himoya zarbadan keyin yana tekshiriladi

Honor suvdan himoyalanishni doimiy xususiyat deb hisoblamaydi. Kompaniya buni korpusdagi muhrlar, membranalar va yopishtiruvchi birikmalar zarbadan keyin shikastlanishi mumkinligi bilan izohlaydi. Shu sababli smartfonning germetikligi tushirish sinovlaridan keyin yana bir bor tasdiqlanadi.

Honor Turbo sinovda 1,5 metr chuqurlikdagi suvda 30 daqiqa davomida ishlash qobiliyatini saqlab qolgani aytilmoqda.

Bosimli suv, issiq suv va bug‘ ham qo‘llanadi

Honor qurilmalarni oddiy suv ostida qoldirish bilan cheklanmaydi. Sinovlarda smartfon kuchli bosimli suv oqimlari, issiq suv va bug‘ ta’siriga ham duchor qilinadi. Bundan tashqari, uzoq davom etadigan testlarda sho‘r muhit va yuqori namlik ham qo‘llanadi.

Shu paytda radioaloqa sifati, kamera ishlashi va energiya sarfi ham parallel ravishda nazorat qilinadi.

8560 mA/soatli batareyaga alohida e’tibor beriladi

Honor Turbo 8560 mA/soat sig‘imli katta akkumulyator bilan jihozlangan.

Kompaniya katta batareya zarba paytida ko‘proq inertsiya hosil qilishini qayd etadi. Shu sababli korpus deformatsiyalangandan yoki qurilma yiqilgandan so‘ng batareya alohida laboratoriya sinovlariga yuboriladi.

Honor ma’lumotiga ko‘ra, Turbo modelidagi batareya korpus ichida siljib ketishini cheklovchi yuqori yopishuvchan material bilan mahkamlangan.

−40 dan +70 darajagacha haroratda sinovdan o‘tkaziladi

Smartfon mustahkamligi harorat bo‘yicha ham tekshiriladi. Honor Turbo uchun SGS’ning uch karra sertifikatsiyasi tushish, zarba, egilish va keskin harorat o‘zgarishlarini qamrab oladi.

Sinovlarda qurilma −40 dan +70 darajagacha bo‘lgan harorat oralig‘ida tekshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri avgust oyining eng kuchli Android smartfonlari aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek