Qozog‘istonga kirish uchun elektron ruxsatnoma joriy etiladi: narxi va muddatlari ma’lum bo‘ldi

Qozog‘iston vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari uchun mamlakatga kirishda elektron ruxsatnoma — QazETA tizimini bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Yangi talab 2026-yil oxirigacha barcha transport turlariga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
QazETA uchun qancha to‘lanadi
Elektron ruxsatnoma uchun to‘lov ariza chegaraga yetib kelishdan kamida 72 soat oldin topshirilgan taqdirda, taxminan 3900 tenge yoki 8 yevroni tashkil etadi.
Agar ruxsatnoma chegaraning o‘zida rasmiylashtirilsa, to‘lov miqdori qariyb 7600 tenge — 16 yevroga teng bo‘lishi kutilmoqda.
Mazkur ma’lumot Qozog‘iston bilan vizasiz rejimga ega Serbiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida e’lon qilingan.
Tizim hozircha sinov rejimida
2026-yil 25-avgustdan Qozog‘istonda elektron kirish ruxsatnomasi tizimini joriy etish jarayoni boshlandi. 1-noyabrgacha QazETA test rejimida ishlaydi.
Ushbu davrda ETA ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan xorijliklarning Qozog‘istonga kirishiga to‘sqinlik qilinmaydi. Biroq ularga keyingi safar tegishli ruxsatnomasiz mamlakatga kiritilmasligi haqida ogohlantirish beriladi.
1-noyabrdan samolyotda kiruvchilarga talab kuchayadi
1-noyabrdan boshlab Qozog‘istonga havo orqali kirishda QazETA majburiy bo‘ladi. Aviakompaniyalar amaldagi elektron ruxsatnomaga ega bo‘lmagan yo‘lovchilarni reysga qabul qilmasligi belgilangan.
Bu talab Ostona, Olmaota va Aqtau kabi xalqaro aeroportlar bilan bir qatorda mamlakatdagi boshqa xalqaro havo bandargohlariga ham taalluqli bo‘ladi.
Avtomobilda kirish uchun ruxsatnoma 15-noyabrdan kerak bo‘ladi
15-noyabrdan boshlab tashqi quruqlik chegaralari orqali, jumladan Xitoy, Turkmaniston va boshqa qo‘shni davlatlardan avtomobilda kiruvchilar uchun ham QazETA talab qilinadi.
30-noyabrdan esa ushbu tartib Qozog‘istonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar — Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston bilan quruqlikdagi chegaralariga ham tatbiq etiladi.
Dekabr oyidan barcha transport turlari qamrab olinadi
15-dekabrdan boshlab elektron ruxsatnoma talabi temiryo‘l va dengiz transportiga ham joriy qilinadi.
Shundan so‘ng Qozog‘istonga kirishda transport turidan qat’i nazar, QazETA mavjud bo‘lishi talab etiladi. Bu temiryo‘l orqali xalqaro yo‘lovchi tashuvlari hamda Kaspiy dengizidagi portlar orqali kiruvchilarga ham tegishli.
Ruxsatnoma 180 kun amal qiladi
Elektron ruxsatnoma 180 kun davomida amal qilishi, biroq uning egasi shu muddat ichida Qozog‘iston hududida jami 90 kungacha bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi avvalroq yangi elektron ruxsatnoma tizimi 2026-yil avgustidan dekabrigacha bosqichma-bosqich joriy etilishini bildirgan edi.
Hozircha Qozog‘iston tomoni tomonidan QazETA uchun to‘lov miqdori va joriy etish bosqichlari bo‘yicha batafsil rasmiy izoh berilmagan. Mazkur ma’lumotlar Serbiya Tashqi ishlar vazirligi hamda Qozog‘istonning QazETA tizimiga oid resurslariga tayanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qilishi haqida yozgandi.