
Hindistonning mashhur aktyori Shohruhxon va prodyuser Karan Joharning O‘zbekistonga tashrifi masalasi muhokama qilinmoqda. Tashrif amalga oshsa, aktyor mahalliy kinoijodkorlar bilan uchrashib, mahorat darslari o‘tkazishi va katta sahnada konsert berishi mumkin.
Bu haqda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov OAV vakillariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
O‘zbekiston va Hindiston kino sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda
Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar, xususan, kino sohasidagi hamkorlik uzoq tarixga ega. Endilikda ikki davlat ijodkorlari ishtirokida yangi qo‘shma filmlar suratga olish rejalashtirilmoqda.
Nazarbekovning qayd etishicha, kelgusidagi loyihalar nafaqat O‘zbekiston va Hindiston tomoshabinlari, balki xalqaro auditoriya uchun ham qiziqarli bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Shohruhxonga mahorat darsi va konsert taklif qilindi
Muzokaralar doirasida Shohruhxonning O‘zbekistonga kelib, yosh kinoijodkorlar bilan uchrashishi va ular uchun mahorat darslari tashkil etishi taklif qilingan.
Shuningdek, Bollivud aktyorining katta maydonda muxlislar uchun konsert berishi ham rejalardan biri sifatida muhokama qilinmoqda.
Tashrif sanasi hozircha noma’lum
Madaniyat vaziri Shohruhxonning O‘zbekistonga kelishi bo‘yicha hozircha yakuniy kelishuv mavjud emasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar davom etmoqda. Agar tashrif bo‘yicha aniq kelishuvga erishilsa, bu haqda jamoatchilikka rasman ma’lum qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Magnus Karlsen Samarqandga kelishi haqida yozgandi.