Urush sabab brent nefti narxi 92 dollardan oshdi

Jahon bozorida brent nefti narxi AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilikning yana keskinlashishi fonida keskin ko‘tarildi. Brent markali neft narxi bir barrel uchun $92 dan oshgan bo‘lsa, Amerikaning WTI nefti $90 dan yuqoriga chiqdi.
Kursiv Kazakhstan ma’lumotiga ko‘ra, 1-sentabr, seshanba kungi savdolarda neft kotirovkalarining keskin o‘sishiga Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarning yangi bosqichga chiqishi sabab bo‘ldi. WTI narxi so‘nggi bir oy ichidagi eng yuqori yopilish darajasini qayd etdi.
Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat neft bozoriga bosim qilmoqda
Mojaro kuchayishi ortidan Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati ham keskin qisqardi. Mazkur dengiz yo‘lagi jahon energetika bozori uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, urush boshlanishidan avval global neft yetkazib berishning qariyb beshdan bir qismi shu hudud orqali o‘tgan.
ANZ tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda bo‘g‘oz orqali kuniga qariyb 6 mln barrel neft tranzit qilinmoqda. Bu odatdagi ko‘rsatkichlardan ancha past.
Britaniyaning Dengiz savdo operatsiyalari markazi — UKMTO ham Hormuz bo‘g‘ozidan chiqish qismida tijorat tankeriga uchta snaryad bilan zarba berilgani haqida ma’lum qildi.
Bunday hodisalar neft tashish xavfini oshirib, bozorda qo‘shimcha «xavf mukofoti» shakllanishiga olib kelmoqda. Investorlar ta’minotdagi uzilishlar ehtimolini narxlarga oldindan qo‘sha boshlagan.
AQShning strategik neft zaxiralari kamaymoqda
Neft bozoridagi vaziyatga AQSh energetika sektori statistikasi ham qo‘shimcha bosim ko‘rsatdi.
AQSh Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning Strategik neft zaxirasi bir hafta ichida yana 3,1 mln barrelga kamayib, 286,6 mln barrelga tushgan. Manbaga ko‘ra, bu 1982-yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Zaxiralarning kamayishi favqulodda vaziyatlarda AQShning bozorga qo‘shimcha neft chiqarish imkoniyatlari yuzasidan xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Neft narxlari qanchagacha ko‘tarilishi mumkin
Qatar va Ummon Fors ko‘rfazidagi keskinlikni diplomatik yo‘l bilan yumshatishga urinayotgan bo‘lsa-da, hozircha muzokaralar sezilarli natija bermagani aytilmoqda.
Tahlilchilar mojaro uzoq davom etsa, neft va boshqa energiya resurslari narxlari yuqori darajada saqlanib qolishini kutmoqda. Ayrim prognozlarga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha neft kotirovkalari bir barrel uchun $80 dan yuqori bo‘lib qolishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh bir necha hafta ichida ilk bor Eronga zarba bergani haqida yozgan edi.