AQShdagi otishmada uch kishi halok bo‘ldi

AQShning Minnesota shtati Minneapolis shahrida yuz bergan otishmada uch kishi (ikki kishi va gumonlanuvchi) halok bo‘ldi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Hodisa oqibatida uch nafar politsiya xodimi ham jarohatlangan. Bu haqda mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lum qildi.
Otishma 2-sentabr, chorshanba kuni shahar markazidagi ko‘p qavatli turarjoy binosida sodir bo‘lgan. Hodisa sabablari hozircha aniqlanmagan, tergovga Federal qidiruv byurosi ham qo‘shilgan.
Ikki politsiyachi o‘qotar quroldan yaralandi
Minneapolis politsiyasi vakili Garret Partenning ma’lum qilishicha, voqea oqibatida uch nafar politsiya xodimi jarohat olgan. Ulardan ikki nafari o‘qotar quroldan yaralangan. Shifoxona vakillariga ko‘ra, uchala politsiyachining holati barqaror.
Hodisa joyidagi jabrlanuvchilardan biri voqea joyida vafot etgan. Ikkinchi fuqaro Hennepin okrugi tibbiyot markaziga yetkazilganidan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan. Gumonlanuvchi ham hodisa vaqtida halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Yetti kishi shifoxonaga olib ketildi
Politsiyaga hodisa haqida mahalliy vaqt bilan soat 16:30 dan ko‘p o‘tmay xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolardan voqea hududiga yaqinlashmaslikni so‘ragan.
Hennepin Healthcare ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan so‘ng yetti nafar bemor tibbiyot muassasasiga olib kelingan.
Otishma Minneapolis konferensiya markazi yaqinidagi turarjoy majmuasida yuz bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda politsiya xodimlari ko‘p qavatli bino tomon qurollarini yo‘naltirib turgani ko‘rinadi.
Mahalliy hokimiyat, shuningdek, aholi zich yashaydigan Loring Park hududidan vaqtincha uzoqroq turishni tavsiya qilgan.
FQB tergovga qo‘shildi
AQSh Federal qidiruv byurosi hodisa yuzasidan mahalliy organlarga yordam bermoqda. FQB direktori Kash Patel byuro voqea yuzasidan zarur bo‘lgan barcha resurslarni taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Hozircha otishmani sodir qilgan shaxsning shaxsi rasman ochiqlanmagan. Uning hodisani qanday sabab bilan amalga oshirgani ham noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq «Kursiv» AQSh bir necha hafta ichida ilk bor Eronga zarba bergani haqida yozgan edi.