EA Sports FC 27 reytingi: Ronalduni kimlar ortda qoldirdi

3-sentabr 2026 07:38 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
EA Sports FC 27 reytingi: Ronalduni kimlar ortda qoldirdi
Foto: Goal.com

EA Sports 25-sentabr kuni sotuvga chiqariladigan EA Sports FC 27 futbol simulyatoridagi o‘yinchilar reytinglarini ochiqladi. Bu haqda Marca xabar bermoqda.

Kompaniya futbolchilarning umumiy ko‘rsatkichlari va alohida xususiyatlarini ko‘rish mumkin bo‘lgan maxsus bazani ishga tushirdi.

Reytinglar e’lon qilinishi bilan ayrim futbolchilarga berilgan baholar muxlislar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Harri Keyn, Luis Dias va Krishtianu Ronaldu ko‘rsatkichlari ko‘proq muhokama qilinmoqda.

Foto: Marca

Harri Keynga 90 ball berildi

EA FC 27’da Harri Keynning umumiy reytingi 90 ballni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘yindagi eng yuqori reytingga ega Kilian Mbappe va Erling Holandnikidan bir ball past.

Mbappe va Holandga 91 balldan berilgan. Operation Sports muallifi Franklin Bellone Borges fikricha, Keyn ham ushbu ikki hujumchi bilan bir xil reytingga loyiq edi.

Bunga uning so‘nggi mavsumdagi yuqori natijalari sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Keyn juda sermahsul mavsum o‘tkazgan va 2026-yilgi «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Shu sababli ayrim muxlislar uning 90 ball bilan cheklanganini past baho deb hisoblamoqda.

Luis Diasning tezligi keskin pasaytirildi

Luis Diasning EA FC 27’dagi umumiy reytingi 88 ball etib belgilandi. Biroq bahslar, asosan, uning tezlik ko‘rsatkichi bilan bog‘liq.

Avvalgi o‘yinda kolumbiyalik futbolchining tezligi 88 ball bo‘lgan bo‘lsa, EA FC 27’da bu ko‘rsatkich 82 ballgacha tushirilgan.

Bu o‘zgarish muxlislarni hayron qoldirdi. Chunki Dias hali 30 yoshga ham to‘lmagan va real futbol maydonida uning tezligi sezilarli darajada pasaygani kuzatilmagan.

Shu bois futbolchining tezlik ko‘rsatkichi birdaniga olti ballga kamaytirilgani o‘yindagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan baholardan biriga aylandi.

Krishtianu Ronaldu 84 ballik futbolchiga aylandi

Foto: UEFA

Krishtianu Ronalduning yangi o‘yindagi umumiy reytingi 84 ballni tashkil etdi. Avvalgi EA FC’da portugaliyalik hujumchi 85 ballga ega edi.

Bundan tashqari, uning tezlik ko‘rsatkichi ham to‘qqiz ballga pasaytirildi.

Operation Sports sharhlovchisiga ko‘ra, Ronalduning yoshini hisobga olgan holda uning eng yuqori reytingli futbolchilar qatorida bo‘lmasligini tushunish mumkin. Biroq portugaliyalikning 2025/26-yilgi mavsumdagi ko‘rsatkichlari undan oldingi mavsumdan keskin farq qilmagan.

Shu sababli uning umumiy reytingini 85 dan 84 ballgacha tushirish va ayniqsa tezlik ko‘rsatkichini keskin kamaytirish qarori bahsli deb baholanmoqda.

Mbappe va Holand eng yuqori reytingga ega

EA FC 27’da Kilian Mbappe va Erling Holand 91 ball bilan eng yuqori reytingli futbolchilar qatoridan joy oldi.

O‘yinning muqovasida ham Mbappe tasvirlangan. EA Sports avvalroq yangi versiyaning asosiy imkoniyatlari, chiqarilish sanasi va boshqa yangiliklarini e’lon qilgan edi.

Endilikda futbolchilarning reytinglari ham to‘liq ochiqlangach, muxlislar haqiqiy maydondagi natijalar bilan o‘yindagi ko‘rsatkichlarni solishtirishni boshladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Rodrigesning bolaligi qanday o‘tgani haqida yozgan edi.

Shuningdek