Hormuz bo‘g‘ozida Saudiya tankeriga hujum: 2 dengizchi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Eron tankerlarga ataylab zarba bergani haqidagi Saudiya Arabistoni aybloviga bevosita javob bermagan
Hormuz bo‘g‘ozida Saudiya tankeriga hujum: 2 dengizchi halok bo‘ldi
Foto: Pexels

Saudiya Arabistoni Eronni Hormuz bo‘g‘ozida mamlakatga tegishli neft tankeriga hujum qilganlikda aybladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Hodisa oqibatida Filippin fuqarosi bo‘lgan ikki nafar dengizchi halok bo‘ldi. Eron tomoni Saudiya Arabistonining ushbu aybloviga hozircha javob bermagan.

Saudiya Arabistonining Bahri milliy yuk tashish kompaniyasi Sidr supertankeri dushanba kuni kechqurun Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tayotganda xavfsizlik bilan bog‘liq hodisaga uchraganini tasdiqladi.

Tankerga noma’lum snaryadlar kelib urilgan

Dengiz xavfsizligi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar ma’lumotiga ko‘ra, Sidr tankeri Ummonning Musandam yarimoroli shimolida noma’lum snaryadlar bilan zarbalangan.

Marisks kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, kema O‘monning Xasab shahri shimoli-sharqidan taxminan 30 kilometr uzoqlikda zarbaga uchragan.

Shu vaqtning o‘zida Janubiy Koreya kompaniyasiga tegishli Senegal Prosperity supertankeri ham Xasab sharqida uchta noma’lum snaryad bilan zarbalangani xabar qilingan. Har ikki tankerda qariyb 2 mln barreldan Saudiya nefti bo‘lgani qayd etilgan.

Ikki filippinlik dengizchi halok bo‘ldi

Bahri kompaniyasi Sidr bortida bo‘lgan ikki filippinlik dengizchi hodisa oqibatida vafot etganini ma’lum qildi.

Kompaniya halok bo‘lgan dengizchilarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi esa voqeadan keyin Eronni Sidr tankerini nishonga olganlikda aybladi va hodisani qoraladi.

Ar-Riyod, shuningdek, Eronning Iordaniya, Bahrayn va Quvaytga qarshi so‘nggi hujumlarini ham qoralab, keskinlikni to‘xtatish va xalqaro dengiz qatnovi xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi.

Eron boshqa versiyani ilgari surmoqda

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi hodisa yuzasidan boshqa talqinni bildirdi. Eron tomoniga ko‘ra, ikki tanker AQSh harbiylari tavsiyasi bilan Hormuz bo‘g‘ozida «ruxsat etilmagan yo‘nalish» orqali harakatlanishga uringan va minalarga urilib portlagan.

Eron tankerlarga ataylab zarba bergani haqidagi Saudiya Arabistoni aybloviga bevosita javob bermagan. AQSh harbiylari esa tankerlar bilan bog‘liq hodisaning aynan qanday yuz berganiga izoh bermadi.

AQSh va Eron o‘rtasidagi zarbalar kuchaydi

Hodisa AQSh va Eron o‘rtasida so‘nggi haftalardagi eng yirik harbiy to‘qnashuvlardan biri yuz bergan paytga to‘g‘ri keldi.

AQSh harbiylari Erondagi obyektlarga havo zarbalari bergan, Eron kuchlari esa qo‘shni arab davlatlaridagi AQSh bazalariga raketa va dronlar bilan hujum qilgan.

Eron sog‘liqni saqlash vaziri AQSh zarbalari oqibatida 18 kishi halok bo‘lganini va 108 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.

Tehron, shuningdek, Sirik shahridagi to‘y marosimiga berilgan zarbada to‘rt kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lganini aytib, AQShni «harbiy jinoyat»da aybladi. AQSh harbiylari ushbu xabarlarni o‘rganayotganini bildirgan.

Avvalroq «Kursiv» urush sabab brent nefti narxi $92 dan oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek