Mo‘ynoqda tuya sutidan oziq-ovqat va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda

3-sentabr 2026 11:29 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Mo‘ynoqda tuya sutidan oziq-ovqat va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda
Foto: Innovatsion rivojlanish agentligi

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida tuya sutini chuqur qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Innovatsion rivojlanish agentligiga ko‘ra, loyiha doirasida quritilgan sut kukuni, shubat, yogurt, pishloq va qaymoq bilan birga sovun, krem va shampun kabi kosmetika mahsulotlari ham ishlab chiqarilmoqda.

«Noan’anaviy nordon sut mahsulotlarini ishlab chiqarish» loyihasiga Abbaz Jarimbetov rahbarlik qilmoqda. Loyiha uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 1,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Mahsulotlar hozircha ichki bozorda sotilmoqda. 500 gramm tuya suti kukuni 500 ming so‘m, bir litr shubat esa 35 ming so‘mdan taklif qilinmoqda.

Sotuv hajmi 1,25 mlrd so‘mga yetgan

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning umumiy sotuv hajmi 1,25 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Loyiha mahalliy chorvachilik mahsulotlarini tayyor mahsulotga aylantirish va ularga qo‘shimcha qiymat yaratishga qaratilgan.

Ishlab chiqarish Bo‘zatovda ham kengaytiriladi

Hozir loyiha doirasida beshta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Kelgusida ishlab chiqarishni Bo‘zatov tumanida ham kengaytirish va qo‘shimcha tarmoq tashkil etish rejalashtirilmoqda. Natijada ish o‘rinlari sonini 10 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Loyiha orqali Qoraqalpog‘istondagi mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yangi mahsulotlar ishlab chiqarish va hududda iqtisodiy faollikni oshirish maqsad qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonda ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarishi mumkinligi ma’lum qilingandi.

Shuningdek