«Najimov» chegara posti yo‘lovchilar uchun qachon ochiladi — izoh

eʼlon qilindi
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi esa Kursiv Uzbekistan’ga ushbu post hozircha faqat yuk avtotransport vositalari uchun faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi
Когда пограничный пост «Наджимов» откроют для граждан — неизвестно — Таможенный комитет
Foto: Advice

Qozog‘iston tomoni «S.Najimov» («Mayskiy») chegara punktida piyodalar va yo‘lovchilarni o‘tkazish uchun infratuzilma tayyorligini hamda punkt yaqin orada ochilishi mumkinligini bildirdi. O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi esa Kursiv Uzbekistan’ga ushbu post hozircha faqat yuk avtotransport vositalari uchun faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston tomonidagi «S.Najimov» («Mayskiy») chegara punktining yo‘lovchilar uchun ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda Qozog‘iston tomoni vakili chegara orqali piyodalar o‘tishi uchun sharoitlar tayyorlanganini aytgan. Unda pasport nazorati, bagajni tekshirish uskunalari, kutish zali, hojatxonalar hamda ona va bola xonasi ko‘rsatilgan.

Qozog‘iston tomoni ma’lumotiga ko‘ra, u yerdagi infratuzilma tayyor, qolgan masalalar O‘zbekiston tomoniga bog‘liq.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati vakili Husan Tangriyevning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, hozir ushbu post faoliyat yuritmoqda, biroq undan faqat yuk avtotransport vositalari o‘tmoqda.

«Ayni kunda ushbu chegara bojxona posti faqat yuk avtotransport vositalari uchun ochiq hisoblanadi», – dedi Husan Tangriyev.

Yo‘lovchilar uchun ochilish sanasini bojxona belgilamaydi

H. Tangriyevning tushuntirishicha, chegara o‘tkazish punktlarini yo‘lovchilar uchun ochish yoki yopish masalasi bojxona organlarining vakolatiga kirmaydi. Bunday qaror ikki davlat hukumatlari darajasida hal qilinadi.

«Qayerda chegara o‘tkazish punkti ochiladi yoki yopiladi, buni bojxona hal qilmaydi. Bu hukumatlar darajasida hal qilinadigan masala», – dedi Tangriyev.

Qozog‘iston tomonidagi videoda O‘zbekiston hududida ta’mirlash ishlari davom etayotgani aytilgan.

Umuman olganda, «S.Najimov» («Mayskiy») punkti hozirda yuk transporti uchun ishlamoqda. Piyodalar va boshqa yo‘lovchilar uchun qachon ochilishi esa hozircha rasman e’lon qilinmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonga kirish uchun elektron ruxsatnoma joriy etilishi haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, mamlakat vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari uchun mamlakatga kirishda elektron ruxsatnoma – QazETA tizimini bosqichma-bosqich joriy etmoqda.

Shuningdek