Qirg‘izistonda AI-92 benzini 1,5 foizga qimmatlashdi, O‘zbekistonda-chi

Qirg‘izistonda 2026-yil avgustida AI-92 benzinining o‘rtacha chakana narxi 1,46 foizga oshib, litriga 89,11 somga yetdi. Bu haqda 24kg nashri xabar berdi.
Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, avgust oyida AI-92 benzini 87,83 somdan 89,11 somgacha qimmatlashgan. Bir oy ichidagi o‘sish 1,28 som yoki 1,46 foizni tashkil qilgan.
AI-95 benzini ham qimmatlashib, litriga 109,27 somga yetgan. Uning avgustdagi o‘sishi 0,53 foiz bo‘lgan. Dizel yonilg‘isi esa aksincha, 0,17 foizga arzonlab, litriga 101,69 somni tashkil etgan.
Yil boshidan buyon AI-92 narxi 16,58 foizga, AI-95 – 33,58 foizga, dizel esa 25,22 foizga oshgan.
Qimmatlashish nimaga bog‘lanmoqda
Qirg‘iziston yonilg‘ining 90 foizdan ortig‘ini Rossiyadan import qiladi. Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatidagi uzilishlar va benzin eksportiga qo‘yilgan cheklovlar Qirg‘iziston bozoriga ham ta’sir qilmoqda.
Bundan tashqari, Rossiyadagi ulgurji narxlarning oshishi, temiryo‘l tariflari, Qozog‘iston orqali tranzit xarajatlari va Xitoydan avtomobil transportida yonilg‘i olib kelishning qimmatligi tannarxni oshirayotgan omillar sifatida ko‘rsatilmoqda.
Qirg‘iziston hukumati rahbari Adilbek Qosimaliyev ham mamlakatdagi yonilg‘i narxlari tashqi bozordagi vaziyat, geosiyosiy omillar va transport xarajatlariga bog‘liqligini bildirib, narxlar bosqichma-bosqich ko‘tarilishi mumkinligini aytgan.
O‘zbekistonda holat qanday
O‘zbekistonda AI-92 benzinining birjadagi o‘rtacha ulgurji narxi 28-iyuldan 28-avgustgacha 0,4 foizga oshdi. O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, bir tonna AI-92 narxi 13,26 mln so‘mdan 13,31 mln so‘mgacha ko‘tarildi.
28-iyuldagi birja savdolarida AI-92 benzinining o‘rtacha narxi bir tonna uchun 13,257 mln so‘mni tashkil etgan. 28-avgustga kelib ushbu ko‘rsatkich 13,310 mln so‘mga yetgan. Shunday qilib, bir oy davomida AI-92 benzinining birjadagi narxi 53,1 ming so‘mga yoki qariyb 0,4 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondan Qozog‘istonga kirayotgan yengil va yuk avtomobillari endi bir sutkada faqat bir marta mamlakat hududiga kirishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Yangi cheklov yonilg‘ini noqonuniy olib chiqish holatlarining oldini olish maqsadida joriy etilgan.
Qozog‘iston hukumati yonilg‘ini noqonuniy olib chiqishga qarshi nazoratni kuchaytirgan. Asosiy e’tibor avtomobillarga noqonuniy o‘rnatilgan qo‘shimcha yonilg‘i baklari va kanistralarda benzin yoki dizel olib chiqish holatlariga qaratilmoqda.