UzbAirways’ning Toshkent–Moskva reysi Rossiya havo hududidan qaytdi

Uzbekistan Airways’ning Toshkentdan Moskvaga yo‘l olgan HY603 reysi Rossiyaning ayrim aeroportlarida joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sabab Toshkentga qaytib keldi. Aviakompaniya Rossiyaga amalga oshiriladigan ayrim qatnovlarda ham o‘zgarishlar bo‘lganini ma’lum qildi.
HY603 reysi Toshkentga qaytdi
3-sentabr kuni Toshkentdan Moskva Domodedovo aeroportiga uchgan HY603 reysi Rossiya hududiga kira olmay, parvozni ortga burdi va Toshkent aeroportiga qaytib qo‘ndi.
Aviakompaniya qaror parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilinganini bildirdi.
Ayrim reyslar kechiktirilmoqda
Moskvadan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan reys ham kechiktirilgan. Shuningdek, Termiz–Moskva yo‘nalishidagi HY9609 reysi Sankt-Peterburgdagi zaxira aerodromiga yo‘naltirilgan. Vnukovo–Andijon HY9622 va Andijon–Vnukovo HY9621 qatnovlarida ham kechikishlar yuzaga kelishi mumkin.
Rossiyaning ayrim aeroportlarida cheklovlar joriy etilgan
UzAirways ayrim yo‘nalishlarga o‘zgartirish kiritilishiga Rossiya Federatsiyasidagi ayrim aeroportlarda samolyotlarni qabul qilish bo‘yicha vaqtinchalik cheklovlar sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Kompaniya keyingi parvozlar bo‘yicha qarorlar vaziyatdan kelib chiqib qabul qilinishini ta’kidladi.
Yo‘lovchilarga rasmiy ma’lumotlarni kuzatish tavsiya qilindi
Aviakompaniya yo‘lovchilardan parvozlar holati bo‘yicha yangilanayotgan ma’lumotlarni Uzbekistan Airways’ning rasmiy axborot kanallari orqali kuzatib borishni so‘radi.
Reyslarning keyingi qatnovlari va jadvalidagi o‘zgarishlar haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pegasus aviakompaniyasi Moskvadan Turkiyaga reyslarni bekor qilgani haqida yozgandi.