«AQShda tug‘ilsa, fuqarolik oladi» qoidasi: Tramp qarori to‘xtatildi

AQShda mamlakat hududida tug‘ilgan chaqaloqlarga fuqarolik berishni cheklashga qaratilgan prezident Donald Tramp farmoni ijrosi yana to‘sib qo‘yildi. Bu haqda Euronews nashri xabar berdi.
Merilend okrug sudi ma’muriyatga ushbu hujjatni amalga oshirishni taqiqladi.
Farmonning ijrosi taqiqlandi
Sud qaroriga ko‘ra, AQSh Davlat kotibi, Bosh prokurori, Ichki xavfsizlik vaziri, Fuqarolik va immigratsiya xizmati direktori hamda Ijtimoiy ta’minot ma’muriyati rahbari va ularning vakillari farmonni qo‘llashi yoki ijro etishi mumkin emas.
Shu sababli hozircha AQSh hududida tug‘ilgan bolalarning fuqarolik olishiga oid amaldagi tartib o‘zgarishsiz qolmoqda.
Gap tug‘uruq turizmi haqida
Tramp ma’muriyati ushbu farmon orqali chet el fuqarolarining AQShga aynan farzand ko‘rish va chaqalog‘iga Amerika fuqaroligini olish maqsadida kelishiga chek qo‘yishni ko‘zlagan.
Bunday amaliyot odatda «tug‘uruq turizmi» deb ataladi. AQShda tug‘ilgan bola fuqaroligi masalasi esa mamlakat Konstitutsiyasining 14-tuzatishi bilan bog‘liq bo‘lib, Trampning tashabbusi shu sababli jiddiy huquqiy bahslarga sabab bo‘lgan.
Masala Oliy sudgacha yetib borgan
Bu Tramp farmonining sud orqali to‘xtatilishi bilan bog‘liq ilk holat emas. AQSh Oliy sudi ham avvalroq prezidentning mamlakatda tug‘ilgan bolalarga fuqarolik berish bo‘yicha uzoq yillik tartibni cheklashga qaratilgan tashabbusiga aralashgan.
Endilikda farmonning qonuniyligi va uni amalda qo‘llash imkoniyati bo‘yicha sud jarayonlari davom etishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bir dollarlik Tramp tangalari sotuvga chiqqani haqida yozgandi.