
Infinix kompaniyasi tomonidan Infinix Hot 70 Pro smartfonini jahon bozoriga chiqarildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Yangi model 144 Hz yangilanish chastotasiga ega ekran, 50 MP Sony kamerasi, 6000 mA·soat sig‘imli batareya va orqa paneldagi noodatiy Active Matrix Cube tizimi bilan ajralib turadi. Qurilmaning boshlang‘ich narxi ayrim bozorlarda taxminan $245 atrofida.
Orqa panelida interaktiv «kub» bor
Infinix Hot 70 Pro’ning eng noodatiy jihatlaridan biri — orqa paneldagi Active Matrix Cube.
Ushbu kichik interaktiv panel kiruvchi qo‘ng‘iroqlar va xabarlar haqidagi bildirishnomalarni, quvvatlash jarayonini, batareya quvvati kamayganini, ob-havo ma’lumotlarini va taymerlarni ko‘rsatishi mumkin.
Musiqa tinglash yoki o‘yin o‘ynash vaqtida «kub» turli yorug‘lik effektlarini namoyish etadi. Matrix Studio orqali foydalanuvchilar o‘z naqshlari va emojilarini yaratishi mumkin. Panel uchun mini-o‘yinlar ham ko‘zda tutilgan.

Ekran 144 Hz chastotada ishlaydi
Smartfon 6,76 dyuymli FHD+ displey bilan jihozlangan. Ekranning yangilanish chastotasi 144 Gts, sensorli javob tezligi esa 240 Hzni tashkil qiladi.
HBM rejimida displey yorqinligi 910 nitgacha yetadi. Bu quyoshli sharoitlarda ekran tasvirini yaxshiroq ko‘rishga yordam beradi.
Qurilmaning ishlashi uchun 5G tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlovchi MediaTek Dimensity 7100 protsessori javob beradi. Ichki xotirada UFS 2.2 standarti qo‘llanilgan.
Asosiy kamerasi 50 MP Sony sensoriga ega
Infinix Hot 70 Pro’ning asosiy kamerasi 50 MP Sony IMX882 sensori bilan jihozlangan.
Kamera Live Photo, AI Eraser va AI Extender kabi sun’iy intellekt funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, sifatni sezilarli yo‘qotmasdan ikki karra yaqinlashtirish imkoniyati mavjud.
Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun esa 8 MP old kamera o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Infinix 145 dollarlik yangi Smart 20 smartfonini taqdim etgani haqida yozgan edi.