Jamoat xavfsizligi universitetida qabul kvotasi oshadi

eʼlon qilindi
Bitiruvchilar besh yil davomida kuzatib boriladi
Jamoat xavfsizligi universitetida qabul kvotasi oshadi
Foto: mgjxu.uz

2026/2027-o‘quv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga qabul kvotasi 600 nafargacha, masofaviy ta’limga esa 300 nafargacha oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Kvotalarning 75 foizi IIV tizimi uchun ajratiladi

Yangi tartibga ko‘ra, universitetning bakalavriat yo‘nalishidagi yillik qabul kvotalarining to‘rtdan uch qismi Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasi mutaxassislarini tayyorlashga yo‘naltiriladi.

Bunda qabul kvotalari va mutaxassisliklar taqsimoti ichki ishlar organlarining real ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi. Tegishli parametrlar Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti bilan kelishiladi.

Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va qo‘riqlash faoliyati bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Yurisprudensiya yo‘nalishlari kengaytiriladi

Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya uchun oliy yuridik ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash tizimi ham yangilanadi.

Bakalavriatning kunduzgi shaklida «Yurisprudensiya» yo‘nalishi doirasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi hamda qo‘riqlash faoliyati bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Masofaviy ta’lim shaklida esa «Jamoat xavfsizligini huquqiy ta’minlash» yo‘nalishi yo‘lga qo‘yiladi.

Kamida besh yillik amaliy xizmat stajiga ega ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari magistraturada «Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tashkil etish» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olishi mumkin bo‘ladi.

Ta’lim grant va kontrakt asosida tashkil etiladi

Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun mutaxassislar kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti asosida tayyorlanadi.

Masofaviy ta’limda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari hamda harbiy xizmatchilari davlat granti asosida o‘qiydi. Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun esa ta’lim to‘lov-kontrakt asosida tashkil qilinadi.

Umumfuqaroviy asosda kadrlar tayyorlash kunduzgi, kechki va masofaviy shakllarda kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Har bir kursantga mentor-tyutor biriktiriladi

Universitetning dual ta’lim tizimida yangi yondashuv joriy etiladi. Har bir kursant va tinglovchiga o‘qishga kirganidan boshlab uni bitirguniga qadar tajribali amaliyotchi-mutaxassis mentor-tyutor sifatida biriktiriladi.

Mazkur tizim nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirish va bo‘lajak mutaxassislarni xizmat jarayoniga oldindan tayyorlashga qaratilgan.

Shuningdek, har yili oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari kursantlari o‘rtasida «Huquqshunoslik» fan olimpiadasi o‘tkaziladi. G‘oliblarga xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish imkoniyati beriladi.

Bitiruvchilar besh yil davomida kuzatib boriladi

Universitet ta’lim jarayonining sifat ko‘rsatkichlari faqat o‘qish davridagi natijalar bilan cheklanmaydi.

Bitiruvchilarning kasbiy o‘sishi va xizmat samaradorligi besh yil davomida monitoring qilinadi. Ushbu natijalar universitetning kelgusidagi strategiyasi va ta’lim sifatini baholashda asosiy mezonlardan biri bo‘ladi.

Bundan tashqari, har yili kamida 30 nafar professor-o‘qituvchi, ilmiy xodim, doktorant va magistr xorijdagi hamkor ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va tajriba almashish uchun yuboriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Timur Ismoilov IIV vaziriga o‘rinbosar bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek