Lombardlar aktivlari bir yilda 50 foizga oshdi

eʼlon qilindi
2026-yil avgustiga kelib lombardlar soni 90 taga tushgan
Shveysariya sudi Lombard Odier bankini Karimova ishi bo‘yicha jarimaga tortdi
Foto: Reuters

O‘zbekistonda lombardlarning jami aktivlari bir yil ichida 50 foizga oshib, 937,7 mlrd so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Lombardlar soni kamaydi, aktivlar esa oshdi

2025-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, mamlakatda 92 ta lombard faoliyat yuritgan va ularning jami aktivlari 625,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.

2026-yil avgustiga kelib lombardlar soni 90 taga tushgan. Shunga qaramay, jami aktivlar 937,7 mlrd so‘mgacha oshgan.

Bir yil davomida lombardlar aktivlari 312 mlrd so‘mga yoki 50 foizga ko‘paygan.

Kreditlar qoldig‘i 692,7 mlrd so‘mga yetdi

Lombardlar tomonidan ajratilgan kreditlarning sof qoldig‘i ham sezilarli darajada oshgan. 2025-yil avgustida bu ko‘rsatkich 513,4 mlrd so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yil avgustida 692,7 mlrd so‘mga yetgan.

Shu tariqa kreditlar qoldig‘i bir yil ichida 179,3 mlrd so‘mga yoki qariyb 35 foizga oshgan.

Eng yirik lombardlarda sezilarli o‘sish

Aktivlari eng ko‘p oshgan lombardlar orasida Oltin Lombard alohida ajralib turadi. Uning aktivlari 62,9 mlrd so‘mdan 165,1 mlrd so‘mgacha oshgan.

Lombard kreditlari esa 51,1 mlrd so‘mdan 97 mlrd so‘mga yetgan.

Zoloto lombardining aktivlari 9,2 mlrd so‘mdan 31,1 mlrd so‘mgacha ko‘payib, 238 foizlik o‘sishni qayd etgan.

Shuningdek, Credit Flex aktivlari 103 foizga, Navoiy plus 98 foizga, Afina Finance esa 75 foizga oshgan.

Majburiyatlar ham ko‘paygan

Lombardlarning jami majburiyatlari 129,9 mlrd so‘mdan 223,3 mlrd so‘mgacha oshgan. Bu bir yil ichida 72 foizlik o‘sishni anglatadi.

Majburiyatlarning 178,6 mlrd so‘mi kreditlar, qarzlar va lizinglar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Lombardlar kapitali 714,5 mlrd so‘mga yetdi

Moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarida ham o‘sish kuzatilgan. Kapitali 3 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan lombardlar soni 45 tadan 50 taga yetgan.

Lombardlarning jami kapitali 495,8 mlrd so‘mdan 714,5 mlrd so‘mgacha oshib, 44 foizga ko‘paygan.

Ustav kapitali ham 156,5 mlrd so‘mdan 225,3 mlrd so‘mgacha oshgan.

Natijalar lombardlar bozorida bir yil davomida aktivlar, kredit portfeli va kapital hajmi sezilarli darajada kengayganini ko‘rsatmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shveysariya sudi Lombard Odier bankini Karimova ishi bo‘yicha jarimaga tortgani haqida yozgandi.

Shuningdek