Nepaldagi toshqinlardan 9 kun o‘tib, ikki ishchi tunneldan tirik topildi

Nepalda halokatli toshqinlardan to‘qqiz kun o‘tib, gidroelektr stansiyasi tunnelida qolib ketgan ikki ishchi tirik holda qutqarildi. Ular yer ostidagi 170 metr chuqurlikdan olib chiqilgan. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Qutqaruv ishlari Trishuli daryosi bo‘yidagi Upper Trishuli 3A gidroelektr loyihasi hududida olib borilgan.
Ikki ishchi tunnelda to‘qqiz kun qolib ketgan
Qutqarilganlar Sanjay Shah va Kabir Maharjan ekani ma’lum qilindi. Shah Upper Trishuli 3A loyihasida uchastka boshlig‘i, Maharjan esa nazoratchi bo‘lib ishlagan.
Shah tunnel ichidagi boshqaruv xonasida bo‘lgan paytda toshqin yuz berganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, odatda xonada 5–6 kishi bo‘lgan, biroq falokat vaqtida u yerda 40–45 nafarga yaqin odam bo‘lgan.
Shah avvalo boshqalarning hayotini saqlab qolishga harakat qilgan. Shu sababli o‘zi tunnel ichida qolib ketgan.
«Bugun qaysi kun»
Qutqarilgan Shahning qutqaruvchilarga bergan ilk savoli «Bugun qaysi kun?» bo‘lgan.
U tunnel qorong‘usida xotirjamlikni saqlash uchun vaqtini mantralar aytish bilan o‘tkazganini bildirgan. Shahning aytishicha, tunnel ichida yana bir necha kishi bilan baqirib muloqot qilib turgan.
Qutqaruvchilar tunnel ichidan odamlarning ovozlarini eshitganidan keyin ishlar tezlashtirilgan. Mutaxassislar tunnelga kirish yo‘lini loy va vayronalar orasidan ochgan.
Ikki ishchining ahvoli barqaror ekani va ular Katmandu shahridagi shifoxonaga olib ketilgani ma’lum qilindi.
Yana yuzlab ishchilar tunnelda qolgan bo‘lishi mumkin
Nepal rasmiylari boshqa ishchilarni ham tirik holda qutqarishdan umidvor.
Mamlakatdagi Trishuli daryosi bo‘yidagi gidroelektr loyihalarida kamida 557 nafar ishchi bedarak yo‘qolgan. Ularning taxminan 115 nafari asosiy tunnel ichida qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
Umuman olganda, mahalliy hokimiyatlar Himolay tog‘laridagi 12 ta gidroelektr loyihasida qariyb 900 nafar ishchi bedarak yo‘qolganini, ularning 500 nafarga yaqini tunnellarda qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.
Qutqaruvchilar tunnellarda havo bo‘shliqlari saqlanib qolgan bo‘lsa, odamlar bir haftadan ko‘proq vaqt tirik qolishi mumkinligini hisobga olib, qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Tabiiy ofat 1 259 kishining hayotiga zomin bo‘ldi
Nepalda o‘tgan hafta yuz bergan kuchli toshqinlar suv, loy va toshlardan iborat ulkan oqimning vodiy bo‘ylab tarqalishiga sabab bo‘lgan. Tabiiy ofat Xitoy nazoratidagi Tibet bilan chegaradagi muzlik qulaganidan keyin yuzaga kelgan.
Mamlakatning tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, toshqinlarda kamida 1 259 kishi halok bo‘lgan, 5 mingdan ortiq odam esa bedarak yo‘qolgan.
Hozircha turli gidroelektr loyihalarida 270 nafardan ortiq odam qutqarilgan.
Rasuvagadhi gidroelektr stansiyasida ham yer ostidagi xonada qolib ketgan 46 nafar ishchining tirik ekaniga rasmiylar umid qilmoqda. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Nepalda toshqinlar oqibatida yetkazilgan zarar $2,56 mlrdga baholangani haqida xabar berilgandi.