Netanyaxu Eron rejimi tez orada qulashini aytdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Isroil bosh vaziri Eron rejimini ag‘darish mumkinligiga ishonchi komil ekanini bildirdi
Foto: Yenijournal

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eron rejimi hozir har qachongidan ham zaiflashganini va uning qulashi yaqinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Eron hukumati hozir o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun kurashmoqda. 

«Bu rejim hozir muvozanatni yo‘qotish arafasida. U har qachongidan ham zaif. U o‘z hayoti uchun kurashmoqda», – dedi Netanyaxu Isroil harbiy rahbarlari ishtirokidagi tadbirda.

Netanyaxu Eron hukumatini ag‘darish mumkinligini aytdi

Isroil bosh vaziri Eron rejimini ag‘darish mumkinligiga ishonchi komil ekanini bildirdi.

«Men bu tahdidni bir marta va butunlay yo‘q qila olishimizga, ya’ni bu rejimni ag‘darishimizga ishonaman. Bu hali oldimizda turgan asosiy vazifa, ammo u yaqin. Bu imkonsiz emas. Biz bunga erisha olamiz», – dedi u.

Netanyaxu bir necha o‘n yillardan beri Eron boshqaruvidagi davlatini Isroil uchun mavjudlik tahdidi sifatida baholab keladi.

AQSh Eronga qarshi hujumlarni qayta boshladi

Netanyaxuning bayonoti AQSh Eron hududiga qarshi hujumlarni qayta boshlagan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Isroil va AQSh fevral oyi oxirida Eronga qarshi qo‘shma hujum boshlagan, biroq AQSh prezidenti Donald Tramp aprel oyida kutilmaganda sulh e’lon qilgan edi.

Bu hafta AQSh Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirib, hujumlarni ham qayta boshlagan. Bunga javoban Eron Fors ko‘rfazidagi AQSh ittifoqchilari, Iordaniya va Iroqning Kurdiston mintaqasidagi nishonlarga zarbalar bergan. Biroq Eron hozircha Isroilga qarshi hujum uyushtirmagan.

«Ular bizning kuchimizni bilishadi»

Netanyaxu Eronning Isroilga hujum qilmayotganini tasodif deb hisoblamasligini aytdi.

«Agar ular bizga hujum qilmayotgan bo‘lsa, bu tasodif emas. Ular hammaga hujum qilmoqda, ammo bizga emas», – dedi Isroil bosh vaziri.

Uning fikricha, Eron tomoni Isroilning harbiy salohiyati va qat’iyatini yaxshi biladi.

Netanyaxuning bayonoti 27-oktabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi umumiy saylovlar arafasida yangramoqda. Ayrim so‘rovlarda uning partiyasi raqiblaridan ortda qolayotgani ko‘rsatilgan.

Muxolifat vakillari esa Netanyaxuni Eron masalasida muvaffaqiyatsizlikka uchraganlikda ayblamoqda.

Avvalroq AQSh kuchlari Erondagi to‘y marosimi o‘tkazilayotgan uyga berilgan zarba oqibatida besh kishi halok bo‘lib, 68 kishi yaralangani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek