Arzon smartfonlar keskin kamayishi mumkin

eʼlon qilindi
Smartfonlar uchun xotira chiplari narxining keskin qimmatlashuvi global telefon bozoriga bosim o‘tkazmoqda
Foto: AndroidPIT

2026-yilda smartfonlar uchun xotira chiplari narxining keskin qimmatlashuvi global telefon bozoriga bosim o‘tkazmoqda. Ishlab chiqaruvchilar xarajatlarni kamaytirish uchun o‘rta va arzon segmentdagi qurilmalar ishlab chiqarilishini qisqartirib, ayrim modellarning narxini oshirmoqda.

DIGITIMES hisobotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida smartfonlarda foydalaniladigan xotira chiplari bo‘yicha kontrakt narxlari 50–80 foizga oshgan. 

Arzon telefonlar ishlab chiqarilishi qisqarmoqda

Komponentlar narxining oshishi smartfon ishlab chiqaruvchilarini mahsulotlarning narxini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.

Xususan, ko‘plab kompaniyalar o‘rta va quyi narx segmentidagi smartfonlar yetkazib berilishini kamaytirib, ishlab chiqarish xarajatlarini qoplash uchun qurilmalar narxini oshirmoqda.

Oqibatda byudjet segmentidagi telefonlar bozorda kamayishi yoki avvalgidan qimmatroq sotilishi mumkin. 

Global smartfon bozori 15,4%ga qisqardi

DIGITIMES ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi choragida dunyo bo‘yicha smartfon yetkazib berish hajmi yillik hisobda 15,4 foizga kamayib, 247,6 mln donani tashkil etdi.

Xitoy bozorida esa ikkinchi chorakdagi smartfon yetkazib berish prognozi 68,2 mln donadan 63,6 mln donagacha pasaytirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,7 foizlik qisqarishni anglatadi.

Xitoydan tashqaridagi bozorlarda smartfon yetkazib berish hajmi 16,5 foizga kamayib, 184 mln donaga tushgan.

Yilning ikkinchi yarmida vaziyat yanada murakkablashishi mumkin

Tahlilchilarga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi yarmida smartfon ishlab chiqaruvchilariga xarajatlar bosimi saqlanib qoladi.

Shu sababli global smartfon yetkazib berish hajmi yilning ikkinchi yarmida yillik hisobda qariyb 20 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.

Mutaxassislar xotira chiplari taqchilligi va narxlarning oshishi ayniqsa arzon Android smartfonlariga kuchliroq ta’sir qilayotganini qayd etmoqda. Premium segmentdagi qurilmalar esa nisbatan barqarorroq qolmoqda.

Avvalroq Honor Magic 8 Pro smartfoni AnTuTu’ning avgust oyidagi narx va unumdorlik nisbati bo‘yicha reytingida eng yaxshi qimmat Android-flagman deb topilgandi. 

Shuningdek