Urganch va Xiva o‘rtasida tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

«Urganch Aerovokzal – Xiva – Urganch Aerovokzal» yo‘nalishida CR200J rusumli zamonaviy tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Poyezd 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, uning maksimal tezligi 160 km/soatni tashkil etadi.
Elektropoyezd Xitoyning CRRC Dalian Co., Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. U oltita vagondan iborat. Elektropoyezdda «Econom» toifasidagi zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatilgan.
Har bir o‘rindiqda USB quvvatlantirish qurilmasi mavjud. Vagonlarda iqlim nazorati tizimi ishlaydi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun alohida joylar ajratilgan.
Urganch aeroportidan Xivaga 42 daqiqada yetib boradi

7055-sonli «Urganch Aerovokzal – Xiva» poyezdi Urganch aeroportidan soat 08:40 da jo‘naydi.
Poyezd Urganch stansiyasiga 08:59 da yetib kelib, 09:02 da yo‘lini davom ettiradi. Xivaga esa 09:22 da yetib boradi. Shunday qilib, Urganch aeroportidan Xivagacha bo‘lgan safar 42 daqiqa davom etadi.
7058-sonli «Xiva – Urganch Aerovokzal» poyezdi Xivadan soat 21:00 da jo‘naydi.
U Urganchga 21:20 da keladi va 21:23 da yo‘lga chiqadi. Urganch aeroportiga 21:42 da yetib boradi.
Chipta narxi 25 ming so‘mdan

Kattalar uchun chipta narxi 25 ming so‘m etib belgilangan. Bolalar uchun esa chipta 14 ming so‘m turadi.
Chiptalarni O‘zbekiston temir yo‘llarining eticket.railway.uz elektron platformasi orqali xarid qilish mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot uchun 1005 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdan Andijonga 3 soatda: tezyurar poyezd sinovdan o‘tkazilgandi. Zamonaviy poyezd soatiga 160 kilometr tezlikda harakatlanish va bir vaqtning o‘zida 415 nafar yo‘lovchini qabul qilish imkoniyatiga ega.