
AQShda 2026-yilgi Chevrolet Tracker xaridorlari uchun sentabr oyida past foizli moliyalashtirish va lizing dasturlari taklif etilmoqda. Biroq avtomobilni to‘liq naqd pulga sotib olish uchun alohida chegirma ko‘zda tutilmagan.
2,9 foizlik moliyalashtirish
Sentabr oyida 2026-yilgi Chevrolet Tracker uchun 48 oygacha bo‘lgan muddatga yillik 2,9 foiz stavkada kredit olish mumkin. Buning uchun xaridor moliyalashtirishni GM Financial orqali amalga oshirishi kerak.
Bundan tashqari, LT va Activ komplektatsiyalarini tanlagan xaridorlarga $500 miqdorida Bonus Cash beriladi.
Lizing oyiga $309 dan
2026-yilgi Tracker LT uchun mamlakat bo‘ylab amal qiluvchi lizing dasturi ham mavjud. Amaldagi 2021-yil yoki undan yangi avtomobilini lizingga olgan va yangi Tracker’ga o‘tuvchi mijozlar uchun to‘lov oyiga $309 ni tashkil etadi.
Shartnoma 24 oyga tuziladi, yillik yurish limiti esa 10 ming milni tashkil qiladi. Shartnoma imzolanganda $2 939 to‘lanadi. Xavfsizlik depoziti talab qilinmaydi.
GM xodimlari uchun alohida taklif
GM kompaniyasi xodimlari va tegishli oila a’zolari uchun yanada qulay shartlar mavjud. Ular 2026-yilgi Tracker LT’ni oyiga $299 dan lizingga olishlari mumkin.
Bunda ham muddat 24 oy, yillik yurish limiti 10 ming mil etib belgilangan. Shartnoma tuzishda $2 969 to‘lanadi va xavfsizlik depoziti olinmaydi.
Mazkur taklif ham 2021-yil yoki undan yangi avtomobilning amaldagi lizing oluvchilari uchun amal qiladi.
Tracker’ning narxi $23 495 dan boshlanadi
2026-yilgi Chevrolet Tracker’ning AQShdagi boshlang‘ich narxi, yetkazib berish uchun $1 795 to‘lovni hisobga olgan holda, $23 495 ni tashkil etadi.
LS versiyasi $23 495, 1RS va LT $24 995, 2RS hamda Activ komplektatsiyalari esa $27 195 dan taklif qilinadi.
137 ot kuchiga ega turbo dvigatel
2026-yilgi Tracker 1,2 litrli uch silindrli turbo dvigatel bilan jihozlangan. U 137 ot kuchi va 162 funt-fut moment ishlab chiqaradi.
Model E85 yoqilg‘isidan foydalanishni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq avtomobil tirkama tortish uchun mo‘ljallanmagan.
Chevrolet Tracker uchun yuqoridagi moliyalashtirish va lizing takliflari 2026-yil 30-sentabrgacha amal qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt egalarining hafsalasini pir qilgani haqida yozgandi.