Davlat yordami berilishining raqobatga ta’sirini baholash tartibi belgilandi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida xo‘jalik yurituvchi subyektlarga davlat yordami ko‘rsatilishining raqobatga ta’sirini baholash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Yangi nizom tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 462-son qarori bilan Hukumatning 2023-yil 29-dekabrdagi 694-son qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qaror bilan «Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur sohada vakolatli organ etib belgilandi.
Davlat yordami qanday maqsadlarda beriladi
Davlat yordami, jumladan, hududlar yoki ayrim tarmoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini oshirish, fuqarolar bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun berilishi mumkin.
Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va mamlakatdagi ekologik holatni yaxshilash ham davlat yordami ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar qatoriga kiritilgan.
Hujjatlar 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi
Davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda ularning tartibga solish ta’sirini baholash (TSTB) hisobotlari vakolatli organga taqdim etiladi.
Ushbu hujjatlarda davlat yordamining raqobatga ta’siri baholanadi.
Vakolatli organ loyiha va TSTB hisobotini 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Ko‘rib chiqish yakunida loyihaning maqsadga muvofiqligi, uni qayta ko‘rib chiqish zarurligi yoki maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa rasmiylashtirilib, ishlab chiquvchiga taqdim etiladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston akkreditatsiya markazi faoliyati tartibga solingani haqida yozgandi.