Fond bozori: «O‘ztransgaz» aksiyalari bir haftada qariyb 73 foizga oshdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 28-avgustdan 4-sentabrgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,45 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘ztransgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 72,79 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Buxoroneftgazparmalash» (+20%) va «O‘zbekneftgaz» aksiyalarida (+17,39%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Turonbank» aksiyalari 8,88 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Olmaliq KMK» (-8,15%) va «BRB» (-4,92%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Kapital sug‘urta» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 24 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz va 13 tasi salbiy natija bilan yakunladi.
Eslatib o‘tamiz, 21-avgustdan 28-avgustgacha bo‘lgan davrda 22 ta yuqori likvidli aksiya haftani ijobiy yakunlagani haqida xabar berilgandi. Ushbu davr mobaynida «Olmaliq KMK» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 38,46 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘ztransgaz» (+28,40%) va «Garant bank» aksiyalarida (+17,11%) ham o‘sish qayd etildi.