Gidlar uchun «havaskor»dan «professional»gacha yangi toifalar belgilanadi

eʼlon qilindi
Yangi tartib 2026-yil 1-dekabrdan amal qila boshlaydi
Gidlar uchun «havaskor»dan «professional»gacha yangi toifalar belgilanadi
Foto: UzA

O‘zbekistonda gid va gid-tarjimonlarga malaka toifalarini berishning yangi tartibi joriy etiladi. Tegishli tartib 2026-yil 1-dekabrdan kuchga kiradi.

Malaka toifalarini berish vakolati institutga beriladi

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 468-son qarori bilan «Gidlarga (gid-tarjimonlarga) malaka toifasini berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga gid va gid-tarjimonlarga ularning xohishiga ko‘ra malaka toifalarini berish vakolati beriladi.

Malaka toifasi ixtiyoriy asosda beriladi. Uning mavjud emasligi gid yoki gid-tarjimonning qonunchilikda belgilangan tartibda olingan malaka sertifikati asosida faoliyat yuritish huquqini cheklamaydi.

To‘rtta malaka toifasi belgilanadi

Gid va gid-tarjimonlarga quyidagi malaka toifalari beriladi:

— havaskor gid;
— ixtisoslashgan gid;
— professional gid;
— «oltin fond» gidi.

Malaka toifasini berishda talabgorning kasbiy bilimi va amaliy ko‘nikmalari, ekskursiya xizmatlarini tashkil etish va o‘tkazish mahorati, ekskursiya obyektlari bo‘yicha bilim darajasi, turistlar bilan muloqot madaniyati, xorijiy tillarni bilishi hamda kasb etikasi qoidalariga rioya qilishi hisobga olinadi.

Imtihon natijasiga qarab toifa beriladi

Kasbiy imtihon natijasiga ko‘ra, 56 foizdan 70 foizgacha natija ko‘rsatgan talabgorga havaskor gid malaka toifasi beriladi.

70 foizdan 85 foizgacha natija ixtisoslashgan gid, 86 foizdan 100 foizgacha natija esa professional gid malaka toifasini olish imkonini beradi.

Sertifikat muddati cheklanmaydi

Malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi. Biroq so‘nggi ikki yil davomida gid sifatida faoliyat yuritmagan shaxslar malaka imtihonini qayta topshirishi kerak.

Yangi tartib 2026-yil 1-dekabrdan amal qila boshlaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan texnikum rahbarlariga menejerlik sertifikati berish tartibi belgilangani haqida yozgandi.

Shuningdek