OpenAI GPT-6 Astra’ni taqdim etdi

OpenAI o‘zining yangi sun’iy intellekt modeli – GPT-6 Astrani taqdim etdi. Kompaniya uni dasturlash, murakkab tadqiqotlar, ma’lumotlar tahlili va kompyuter bilan mustaqil ishlash imkoniyatlari sezilarli darajada yaxshilangan eng ilg‘or modeli sifatida ta’riflamoqda.
Model murakkab vazifalarni mustaqil bajarishi mumkin
GPT-6 Astra kod yozish va dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish bilan bir qatorda internetdan ma’lumot izlash, hujjatlarni tayyorlash, jadvallar va taqdimotlar yaratish kabi ko‘p bosqichli vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan.
OpenAI ma’lumotiga ko‘ra, yangi model foydalanuvchi topshirig‘i davomida qo‘shimcha talablar paydo bo‘lsa, ularga moslasha oladi hamda murakkab ish jarayonlarini yaxshiroq boshqaradi.
100 mingdan ortiq GPU yordamida o‘qitildi
GPT-6 Astra’ni o‘qitish OpenAI’ning Texasdagi Stargate infratuzilmasida amalga oshirilgan. Modelni tayyorlash jarayonida 100 mingdan ortiq grafik protsessorlardan foydalanilgan.
Yangi modelni yaratishda avvalgi sun’iy intellekt tizimlari ham o‘qitish jarayonida muhim rol o‘ynagani qayd etilmoqda.
GPT-6 Astra kimlar uchun ochiq
Hozircha GPT-6 Astra barcha foydalanuvchilar uchun bir vaqtning o‘zida ochilmagan. OpenAI modelni dastlab cheklangan tashkilotlarga taqdim qilmoqda, keyinchalik esa undan ChatGPT’ning Plus, Pro, Business va Enterprise tariflaridagi foydalanuvchilar foydalanishi rejalashtirilgan.
Model, shuningdek, OpenAI API orqali hamda Microsoft Azure va AWS Bedrock platformalarida ham taqdim etilishi kutilmoqda.
OpenAI yangi model xavfsizligini kuchaytirdi
GPT-6 Astra OpenAI tomonidan kiberxavfsizlik imkoniyatlari bo‘yicha kompaniyaning eng kuchli modellaridan biri sifatida baholanmoqda. Shu sabab yangi model uchun qo‘shimcha xavfsizlik va monitoring mexanizmlari joriy qilingan.
OpenAI ta’kidlashicha, Astra murakkab kompyuter vazifalarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, zararli kiberfaoliyatning oldini olish uchun uning imkoniyatlariga qo‘shimcha cheklovlar qo‘yilgan.
Avvalroq OpenAI GPT-5.6 oilasiga kiruvchi uchta yangi sun’iy intellekt modelini taqdim etgandi.