O‘zbekistonning Suriyadagi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Suriyadagi elchisi Ayubxon Yunusov Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shayboniga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
«Dunyo» axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Ayubxon Yunusovning qarorgohi Al-Kuvaytda joylashgan. Uchrashuvda Suriya tomoni Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berishini bildirdi.
Hukumatlararo qo‘mita tuzish taklif qilindi
Muzokaralarda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Suriya hukumatlararo qo‘mitasini tuzish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini yaratish va boshqa qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Suriya O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor
Asad Hasan ash-Shayboniy O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Suriya tomoni O‘zbekiston tomonidan o‘tgan yillarda ko‘rsatilgan yordam va ko‘makni yuqori baholashi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqot, yuqori darajadagi tashriflar, savdo-iqtisodiy hamkorlik va boshqa yo‘nalishlarda O‘zbekiston – Suriya munosabatlarini rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi ish boshlagani ma’lum qilingandi. Germaniya diplomatik missiyasiga Mattias Follert rahbar etib tayinlandi.