2026-yilda O‘zbekiston qancha oltin sotib oldi

O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yil boshidan buyon 40 tonna oltin xarid qildi. Bu ko‘rsatkich mamlakatni yil boshidan beri oltin zaxirasini eng ko‘p oshirgan markaziy banklar orasida uchinchi o‘ringa olib chiqdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lum qildi.
Hisobot 2026-yil iyul oyidagi markaziy banklar faoliyatini qamrab oladi. Unga ko‘ra, yil boshidan beri Polsha 90 tonna, Xitoy 60 tonna, O‘zbekiston esa 40 tonna oltin xarid qilgan.
O‘zbekiston iyulda 1 tonna oltin sotdi
O‘zbekiston Markaziy banki iyul oyida 1 tonna oltin sotgan. Shunga qaramay, yil boshidan buyon mamlakatning oltin bo‘yicha sof xaridi 40 tonnani tashkil etmoqda.
O‘zbekistonning jami oltin zaxirasi hozirda qariyb 431 tonnani tashkil qiladi. Oltin mamlakat xalqaro zaxiralarining 87 foizini egallaydi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov avvalroq oltin hozirgacha eng yaxshi investitsiyalardan biri bo‘lib kelganini bildirgan. Shu bilan birga, u zaxiralarni boshqarish doirasida oltinni qulay narxlarda sotish imkoniyati ham ko‘rib chiqilayotganini aytgan.
Polsha va Xitoy O‘zbekistondan oldinda
Polsha Milliy banki iyul oyida yana 8 tonna oltin xarid qilgan. Mamlakat yil boshidan buyon 90 tonna oltin sotib olib, markaziy banklar orasida birinchi o‘rinda turibdi.
Xitoy Markaziy banki iyul oyida 20 tonna oltin xarid qilgan. Bu uning ketma-ket 21-oydagi xaridi bo‘ldi. Xitoy yil boshidan beri oltin zaxirasini 60 tonnaga oshirib, ikkinchi o‘rinni egallagan.
Xitoyning rasmiy oltin zaxiralari qariyb 2 366 tonnaga yetgan. Oltin mamlakat xalqaro zaxiralarining 8 foizini tashkil qiladi.
Qozog‘iston ham eng yirik xaridorlar beshligida
Qozog‘iston Milliy banki iyul oyida 1 tonna oltin xarid qilgan. Yil boshidan buyon mamlakat zaxirasiga 29 tonna oltin qo‘shilgan.
Qozog‘iston oltini mamlakat xalqaro zaxiralarining 75 foizini tashkil qiladi. Yil boshidan buyon 29 tonnalik xarid ko‘rsatkichi bilan u eng ko‘p oltin jamg‘argan markaziy banklarning kuchli beshligidan joy olgan.
Chexiya Milliy banki ham iyulda 2 tonna oltin sotib olgan. Uning yil boshidan buyon xaridlari 12 tonnaga yetgan va jami oltin zaxirasi 84 tonnani tashkil qilgan.
Markaziy banklar iyulda 23 tonna oltin xarid qildi
Jahon oltin kengashi hisob-kitoblariga ko‘ra, iyul oyida markaziy banklar jami 23 tonna oltinni sof xarid qilgan. Xitoy 20 tonna, Polsha 8 tonna bilan eng yirik xaridorlar bo‘lgan.
Biroq ayrim markaziy banklar oltin sotgan. Rossiya iyulda 6 tonna oltin sotib, yil boshidan buyon sotuvlarini 50 tonnaga yetkazgan. Turkiya, Iordaniya va O‘zbekistonning iyul oyidagi oltin savdosi 1 tonnadan qayd etilgan.
Umuman, 2026-yil boshidan buyon dunyo markaziy banklari qariyb 130 tonna oltin xarid qilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich qariyb 160 tonna bo‘lgan.
Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026-yil 1-sentabr holatiga $72,1 mlrdni tashkil qilgani haqida xabar berilgandi.