504 turdagi mahsulot sifat talablariga javob bermagani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi 2021 – 2025-yillar va 2026-yilning dastlabki yetti oyida qariyb 2,6 ming nomdagi iste’mol mahsulotini nazorat xaridi orqali tekshirdi. Shundan 504 nomdagi mahsulot belgilangan sifat va xavfsizlik talablariga javob bermagani aniqlandi.
Mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiqligi baholangan.
Joriy yilning yanvar – iyul oylarida 56 tur 522 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada 69 nomdagi mahsulot normativ-texnik talablarga mos kelmasligi aniqlangan.
Mazkur mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun materiallar Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Eng ko‘p nomuvofiqlik 2025-yilda qayd etilgan
Yillar kesimida 2021-yilda 182 ta mahsulot tekshirilib, 43 tasida nomuvofiqlik aniqlangan. 2022-yilda 242 ta mahsulotdan 55 tasi, 2023-yilda 397 ta mahsulotdan 26 tasi talabga javob bermagan.
2024-yilda 560 ta mahsulotdan 110 tasi, 2025-yilda esa 822 ta mahsulotdan 201 tasi sifat talablariga mos kelmagan.
Tekshiruvlarda kundalik iste’mol mahsulotlari ustun
Nazorat xaridlarining 15,6 foizi qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlariga, 10,4 foizi dori vositalariga, 9,6 foizi konservalangan mahsulotlarga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, yonilg‘i-moylash materiallari 9%, sut va sut mahsulotlari 7,9%, osh tuzi 7,1%, un va un mahsulotlari 5,7 foizni tashkil etgan. Alkogolli, alkogolsiz va energetik ichimliklar ulushi 5,5%, ko‘mir mahsulotlari 3,5%, metall prokat mahsulotlari esa 1% bo‘lgan.
Raqobat qo‘mitasi nazorat xaridlarini davom ettirishini hamda sifatsiz deb topilgan mahsulotlar bo‘yicha vakolatli idoralar bilan tegishli choralar ko‘rishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida mashhur brendlar nomi ostida mahsulot ishlab chiqargan yashirin sex aniqlangani ma’lum qilingandi. Tezkor tadbir davomida sexdan 18 mingdan ortiq tayyor mahsulot, minglab bo‘sh idishlar hamda ishlab chiqarishda foydalanilgan xomashyo ashyoviy dalil sifatida olingan.