O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari qariyb 8 mlrd dollarga oshdi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026-yil 1-sentabr holatiga $72,1 mlrdni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 1-avgustga nisbatan $7,8 mlrd yoki 12,1 foizga oshganini ko‘rsatadi.
«O‘zbekiston respublikasining yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2026-yil avgust oyida $7,8 mlrdga oshdi. Xususan, oy davomida oltin narxining $4,1 mingdan $4,6 minggacha o‘sishining ta’siri +7,8 mlrd dollarni tashkil etdi», – deyiladi regulyator izohida.
O‘sish asosan oltin zaxiralari hisobiga yuz berdi. Avgust boshida $56,1 mlrd bo‘lgan oltin qiymati sentabr boshiga kelib $65 mlrdga oshdi. Oltinning jismoniy hajmi ham, 13,8 mlndan oshib, 14,1 mln unsiyaga yetdi.

Ammo xorijiy valyutadagi aktivlarda tushish kuzatildi. Ularning hajmi avgust boshidagi $7,6 mlrddan $6,6 mlrdga pasaydi. Naqd valyuta va depozitlar hajmi ham tushib, $5,9 mlrddan $4,9 mlrdga yetdi.
Qimmatli qog‘ozlar hajmida ham pasayish qayd etildi. Ular $1,765 mlrdga yetdi. SDR ko‘rsatkichi tushib, $571 mlnni tashkil qildi.
Boshqa xorijiy valyutadagi aktivlar $196,3 mlndan $128,7 mlngacha pasaydi. Depozitlar va oltin kabi ayrim komponentlarda ham biroz o‘zgarishlar kuzatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2026-yil iyul oyida taxminan $1,3 mlrdlik oltin eksport qilgani xabar qilingandi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yanvar – iyul oylarida oltin eksporti jami $2,8 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan keskin kamaygan.