PISA 2025: O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 48-o‘rinni egalladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
PISA 2022 bilan solishtirganda natija 83 ballga yaxshilandi
PISA 2025: O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 48-o‘rinni egalladi
Foto: Filo

O‘zbekistonlik 15 yoshli o‘quvchilar PISA 2025 xalqaro baholash dasturida tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi. PISA 2022 bilan solishtirganda natija 83 ballga yaxshilandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

PISA 2025 natijalari OECD tomonidan Ta’lim forumi doirasida e’lon qilindi. O‘zbekiston mazkur xalqaro tadqiqotda ikkinchi marta qatnashdi.

Tadqiqotda O‘zbekistondan xalqaro tashkilot tomonidan tasodifiy tanlab olingan 233 ta maktabning 8,6 ming nafar 15 yoshli o‘quvchisi ishtirok etdi.

Tabiiy fanlarda natija sezilarli yaxshilandi

O‘zbekiston o‘quvchilari tabiiy fanlar savodxonligi bo‘yicha 438 ball qayd etdi va 48-o‘rinni egalladi.

Taqqoslash uchun, PISA 2022 tadqiqotida mamlakat o‘quvchilari tabiiy fanlardan 355 ball to‘plab, 80-o‘rinda edi.

Shu tariqa, uch yil ichida natija 83 ballga oshdi, reytingdagi o‘rin esa 32 pog‘onaga yaxshilandi.

Bazaviy darajaga yetgan o‘quvchilar ulushi 65 foizga chiqdi

PISA tadqiqotida 2-daraja bazaviy ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu daraja o‘quvchining kundalik hayotda zarur bo‘lgan asosiy bilim va ko‘nikmalarni qo‘llay olishini anglatadi.

2022-yilda O‘zbekiston o‘quvchilarining 19 foizi bazaviy yoki undan yuqori darajaga erishgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 65 foizga yetdi.

Ya’ni bazaviy darajaga erishgan o‘quvchilar ulushi 46 foiz punktga oshgan.

Raqamli dunyoda o‘rganish bo‘yicha 72-o‘rin

PISA 2025 doirasida «Raqamli dunyoda o‘rganish» yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston o‘quvchilari 402,4 ball to‘plab, 72-o‘rinni egalladi.

PISA 2025 tadqiqotining asosiy yo‘nalishi tabiiy fanlar savodxonligi bo‘lgan. Matematika va o‘qish savodxonligi bo‘yicha natijalar yuzasidan qo‘shimcha tahlillar davom etmoqda.

Jami PISA 2025 tadqiqotida 91 ta davlat va ta’lim tizimi ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda maktab avtobuslari joriy etilishi mumkinligi xabar berilgandi. Qayd etilishicha, ota-onalar o‘rtasida maktab avtobuslari haqida so‘rovnoma o‘tkazilmoqda. So‘rovdan asosiy maqsad Toshkentda maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini o‘rganish va ularga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashdan iborat.

Shuningdek