Qaysi viloyatda palov tayyorlash qimmatga tushadi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil avgust oyida O‘zbekistonda 1 kg palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlarning hisoblangan qiymati hududlarga qarab 109,6 ming so‘mdan 130,3 ming so‘mgacha bo‘lgan.
Eng qimmat palov Toshkentda
1 kg palov tayyorlash eng qimmat Toshkent shahrida — 130 285 so‘mni tashkil etgan. Undan keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 126 711 so‘m va Toshkent viloyati — 124 226 so‘m qayd etilgan.
Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 123 498 so‘m, Qashqadaryoda 122 257 so‘m, Surxondaryoda 121 367 so‘m, Navoiyda 120 850 so‘m, Buxoroda 120 600 so‘mni tashkil qilgan.
Xorazmda 1 kg palov tayyorlash qiymati 119 940 so‘m, Namanganda 119 776 so‘m, Jizzaxda 119 372 so‘m bo‘lgan.
Qoraqalpog‘istonda eng arzon
Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan — 109 605 so‘m. Andijon viloyatida 115 377 so‘m, Sirdaryoda esa 115 398 so‘mni tashkil qilgan.
Statistika qo‘mitasi hisob-kitobida 1 kg palov uchun 0,3 litr kungaboqar yog‘i, 300 gramm piyoz, 700 gramm mol go‘shti, 1 kg sabzi, 1 kg lazer guruchi, 100 gramm no‘xat, 10 gramm zira va 20 gramm osh tuzi olinadi.
Keltirilgan qiymatlar palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar narxi asosida hisoblangan. Ular hududlarda sotilayotgan tayyor 1 kg palovning narxini anglatmaydi.
Avvalroq O‘zbek milliy taomlaridan Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.