Shavkat Mirziyoyev Serbiyada qanday kutib olindi

eʼlon qilindi
«Kula Belgrad» osmono‘par binosi O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglarida yoritildi
Shavkat Mirziyoyev Serbiyada qanday kutib olindi
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga rasmiy tashrif bilan Serbiya poytaxti Belgrad shahriga yetib bordi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezidentni Aleksandr Vuchich kutib oldi

Prezidentning samolyoti Serbiya havo hududiga kirganidan so‘ng unga mezbon mamlakat Harbiy havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari hamrohlik qildi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Belgraddagi Nikola Tesla nomidagi xalqaro aeroportda Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasini Serbiya Respublikasi prezidenti Aleksandr Vuchich hamda uning rafiqasi Tamara Vuchich kutib oldi.

Ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi va oliy martabali mehmonlar sharafiga Faxriy qorovul saf tortdi.

Oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi

Tashrifning asosiy tadbirlari 8-sentabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Dasturga muvofiq, O‘zbekiston va Serbiya rahbarlari oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazadi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Shuningdek, ikki mamlakat rasmiylari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar va uchrashuvlar yakunida ikki tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Mirziyoyev tashrifi sharafiga rasmiy qabul tashkil etildi

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida, 7-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga Belgradda O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan rasmiy qabul marosimida ham ishtirok etdi.

Oliy martabali mehmonlarni Serbiya prezidenti va birinchi xonimi, Xalq majlisi raisi Ana Brnabich, Bosh vazir Juro Matsut va boshqa rasmiy shaxslar qutladi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Tadbirda Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga ilk rasmiy tashrifining tarixiy ahamiyati alohida qayd etildi. Tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Serbiya xalqlari o‘rtasidagi aloqalar an’anaviy do‘stona ruhda rivojlanayotgani qayd etildi. O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi sharafiga Belgraddagi «Kula Belgrad» osmono‘par binosi O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglarida yoritildi.

Avvalroq «Kursiv» Mirziyoyev Serbiyaga jo‘nab ketgani haqida yozgan edi.

Shuningdek