Toshkentda 3-sinf o‘quvchisi temir braslet yutishga majburlandi

Toshkentning Yashnobod tumanidagi 151-maktabda 3-sinf o‘quvchisi og‘ziga solingan metall buyum sabab shifoxonaga yotqizilib, jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgani aytilmoqda. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.
Holat maktab hojatxonasida sodir bo‘lgan
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining rasmiy munosabatiga ko‘ra, hodisa 2-sentabr kuni Yashnobod tumanidagi 151-maktabda sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, maktabning 3-sinf o‘quvchisi hojatxonaga chiqqan vaqtda yuqori sinf o‘quvchilari uning og‘ziga noma’lum jism solgan.
5-sentabr kuni bolaning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli u shifoxonaga olib borilgan. Tibbiy tekshiruvlar davomida bolaning ichki qismida metall buyum borligi aniqlangan.
Bola operatsiya qilingani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvda bolaning onasi ekani aytilgan shaxs farzandi voqea oqibatidan qo‘rqib, bu haqda dastlab xabar bermaganini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rentgen tekshiruvidan so‘ng bolaning ichida yot jism borligi aniqlangan. Shundan keyin unga shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Biroq Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hozirda o‘quvchiga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgani va uning ahvoli qoniqarli ekanini ma’lum qildi.
Holat yuzasidan tekshiruv ketmoqda
Ayni paytda sodir bo‘lgan voqea yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan.
Avvalroq Chechenistonda 15 yoshli qiz ro‘mol qadashga mo‘ljallangan ignani tasodifan yutib yuborgani va u ichakda qariyb uch hafta qolib ketgani haqida xabar berilgandi.