AQSh Qozog‘istondagi kompaniyani «qora ro‘yxat»ga kiritdi

AQSh Moliya vazirligi 8-sentabr kuni yangilangan sanksiyalar ro‘yxatiga Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan Tour Invest LLC kompaniyasini ham kiritdi. Vashington kompaniyani Eronning Mahan Air aviakompaniyasi bilan aloqador deb hisoblamoqda.
Tour Invest Mahan Air’ning bosh agenti bo‘lgan
AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Olmaotada ro‘yxatdan o‘tgan Tour Invest kompaniyasi Mahan Air’ning bosh savdo agenti sifatida faoliyat yuritgan.
Kompaniya 2014-yil mart oyida tashkil etilgan bo‘lib, Olmaotadagi Makataev ko‘chasi, 128-uy manzilida ro‘yxatdan o‘tgan. U xorijiy kapital ishtirokidagi qo‘shma korxona sifatida qayd etilgan.
Tour Invest AQSh Moliya vazirligining SDN (Specially Designated Nationals and Blocked Persons) ro‘yxatiga kiritildi. Natijada kompaniyaning AQSh yurisdiksiyasidagi aktivlari bloklanadi, amerikalik shaxs va tashkilotlarga esa tegishli ruxsatsiz u bilan operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga 36 ta kompaniya kiritildi
Tour Invest AQShning Eron aviatsiya sektoriga qarshi kengroq sanksiyalar paketi doirasida ro‘yxatga kiritilgan.
Yangilangan ro‘yxatdan jami 36 ta kompaniya joy oldi. Ular orasida Eronning Iran Aseman Airlines, Iran Air Tour, Kish Airlines va Qeshm Air aviakompaniyalari, shuningdek, BAA, Turkiya va Malayziyadagi kompaniyalar bor.
AQSh Moliya vazirligi yangi choralar Eron aviakompaniyalarining faoliyatini cheklashga qaratilganini bildirdi.
Mahan Air 2011-yildan beri AQSh sanksiyalari ostida
Mahan Air AQSh sanksiyalariga ilk bor 2011-yil 12-oktabrda kiritilgan. Vashington aviakompaniyani Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan aloqadorlikda ayblagan.
AQSh moliyaviy razvedka xizmati – FinCEN ham moliya tashkilotlari uchun Eron aviatsiya sektori bilan hamkorlik qilishdagi xatarlar haqida ogohlantirish e’lon qildi.
AQSh tomonining ta’kidlashicha, mazkur sektor Eronning ballistik raketalari va uchuvchisiz apparatlari uchun ehtiyot qismlar xarid qilishiga ko‘maklashmoqda.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan savdo qiladigan yoki unga moliyaviy yordam ko‘rsatadigan davlatlar «juda katta iqtisodiy oqibatlar»ga duch kelishini aytgandi.