Banklardagi 10 trln so‘mlik aktivlar 40 ming ish o‘rni yaratishi mumkin

O‘zbekistonda qarzdorlik hisobiga davlat banklari balansiga o‘tgan korxona va mol-mulklarni qayta ishga tushirish orqali 40 mingtagacha ish o‘rnini tiklash rejalashtirilmoqda. Bu masala prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-sentabr kuni o‘tkazilgan aholi bandligi va daromadlarini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhokama qilindi.
Hozirda davlat banklari balansida umumiy qiymati 10 trln so‘m bo‘lgan qariyb 2,5 mingta mol-mulk mavjud. Davlat rahbari ularni shunchaki sotish emas, balki ishlab chiqarish va bandlik manbaiga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
124 ta korxonada 10 mingta ish o‘rni tiklanishi mumkin
Yig‘ilishda ayrim korxonalar katta ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lsa-da, turli sabablar bilan faoliyat yuritmayotgani qayd etildi.
Xususan, Qo‘shko‘pir tumanida 43 mln yevroga qurilgan va 1,3 ming kishini ish bilan ta’minlashga mo‘ljallangan to‘qimachilik korxonasi yil boshidan buyon ishlamayotgani tanqid qilindi.
Korxona faoliyatini tiklash uchun bank tomonidan inqiroz menejerini jalb etib, ishlab chiqarishni to‘liq quvvatga chiqarish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, 124 ta korxonaning jami 6 trln so‘mlik aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni bank boshqaruviga berish orqali 10 mingta ish o‘rnini tiklash imkoniyati mavjudligi aytildi.
Korxonalarni qismlarga bo‘lib sotmaslik taklif qilindi
Oqoltin tumanidagi «Oqoltin mega tekstil» korxonasi misolida bank balansiga o‘tgan tayyor ishlab chiqarish obyektlarini alohida qismlarga bo‘lib sotish o‘rniga ularni yaxlit holda qayta ishga tushirish samaraliroq ekani ko‘rsatildi.
Bunday yondashuv nafaqat bank aktivlarini iqtisodiy aylanmaga qaytaradi, balki yuzlab odamlarni qayta ish bilan ta’minlash imkonini ham beradi.
Prezident qarzdorlik sabab banklar balansiga o‘tgan korxonalarni ishlab chiqarish obyektlari sifatida saqlab qolishga alohida e’tibor qaratishni topshirdi.
Banklarga bir hafta muddat berildi
Mutasaddilarga bir hafta ichida qarzdorlik hisobiga banklar balansiga o‘tgan barcha korxonalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish vazifasi yuklatildi.
Yil yakuniga qadar ushbu obyektlarni yaxlit ishlab chiqarish majmuasi sifatida sotish yoki ularga professional menejer tayinlab, faoliyatini qayta tiklash choralari ko‘rilishi kerak.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat banklaridagi 10 trln so‘mlik qariyb 2,5 mingta mol-mulk samarali ishga tushirilsa, mamlakat bo‘yicha 40 mingtagacha ish o‘rnini qayta tiklash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Eslatib o’tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri banklarda avtokredit va mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari oshgani haqida yozgan edi.