Belgrad va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlar 7-8 oyda yo‘lga qo‘yiladi — Vuchich

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Belgrad – Toshkent to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovi 7-8 oy ichida yo‘lga qo‘yilishi mumkinligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, muntazam reys ikki davlat o‘rtasidagi turizm, savdo va biznes aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu haqda Serbiya yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Belgrad — Toshkent reysi 8 oy ichida ochilishi mumkin
Vuchichning ta’kidlashicha, aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish masalasi uzoq muddatga cho‘zilmaydi.
«Aviayo‘nalish masalasi uzoq istiqbolga qoldirilmagan. Ishonamanki, uni 7-8 oy ichida yo‘lga qo‘yamiz», – dedi Serbiya prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muntazam Belgrad – Toshkent reysi ikki mamlakat aholisi, kompaniyalari va iqtisodiyotlarini yaqinlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Vuchich O‘zbekistonga, xususan, Samarqand, Buxoro va Toshkentga ko‘proq serbiyalik sayyohlar borishini, o‘z navbatida, O‘zbekistondan ham Serbiyaga turistlar oqimi oshishini kutayotganini aytdi.
O‘zbekiston Serbiyada diplomatik vakolatxona ochadi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa Belgradda alohida diplomatik vakolatxona ochish bo‘yicha qaror qabul qilinganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent Serbiya poytaxtiga diplomatlarni yuborishni kelasi haftadayoq boshlashi mumkin. Ular ikki davlat kompaniyalari o‘rtasidagi biznes aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Mirziyoyev O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni tezlashtirish ham muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Serbiya strategik sherik bo‘ldi
8-sentabr kuni O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, o‘qing: Aleksandr Vuchich mamlakat bir yil ichida uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirayotgani va bu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.
Mirziyoyev bu qarorni ikki davlat munosabatlarida yangi bosqich boshlanganining belgisi sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, endi asosiy vazifa strategik sheriklikni yangi loyihalar, investitsiyalar, ish o‘rinlari va savdo hajmini oshirish bilan to‘ldirishdan iborat.
Vuchich ham ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar zamonaviy tarixdagi eng yuqori darajaga chiqqanini aytdi.
Mirziyoyev Serbiyaning oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Shavkat Mirziyoyevga mamlakatning eng yuqori davlat mukofotlaridan biri – Serbiya Respublikasi ordenini topshirdi.
Vuchich ushbu mukofot Mirziyoyevning ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasining e’tirofi ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti esa mukofotni serb xalqining O‘zbekistonga bo‘lgan hurmati va ikki mamlakat o‘rtasidagi tobora mustahkamlanayotgan do‘stlik ramzi sifatida qabul qilganini bildirdi.
Tomonlar savdo, investitsiya, sanoat, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Avvalroq Belgraddagi bir ko‘chaga «Toshkent» nomi berilishi ma’lum qilingandi. Tomonlar Toshkent ko‘chasi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.