
Nufuzli BoxRec portali havaskor erkak bokschilar o‘rtasidagi yangilangan pound-for-pound reytingini e’lon qildi. Unda O‘zbekistonning to‘rt nafar vakili dunyoning eng kuchli o‘n nafar havaskor bokschisi qatoridan joy oldi.
Reytingning eng yuqori pog‘onasini o‘zbekistonlik Abdumalik Xalokov egalladi. Shuningdek, Fazliddin Erkinboyev beshinchi, To‘rabek Habibullayev sakkizinchi, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev esa o‘ninchi o‘rindan joy oldi.
Abdumalik Xalokov reyting yetakchisi
26 yoshli Abdumalik Xalokov BoxRec’ning erkak havaskor bokschilar o‘rtasidagi umumiy reytingida birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Toshkentlik bokschi yengil vazn toifasida jang qiladi. BoxRec ma’lumotlariga ko‘ra, uning havaskor boksdagi rekordi 101 ta g‘alaba, 11 ta mag‘lubiyat va durangsiz natijani tashkil etadi.
Xalokovning so‘nggi oltita jangidagi natijalari ham yuqori darajadagi barqarorlikni ko‘rsatmoqda. U mazkur davrda to‘rtta ketma-ket g‘alabani qayd etgan.

Ikkinchi o‘rinda rossiyalik bokschi
Reytingda Abdumalik Xalokovdan keyingi o‘rinni rossiyalik Muslim Gadjimagomedov egalladi. 29 yoshli og‘ir vazn vakilining hisobida 104 ta g‘alaba va yettita mag‘lubiyat bor.
Uchinchi pog‘onada yana bir rossiyalik bokschi Vsevolod Shumkov joylashdi. 24 yoshli yengil vazn vakili 84 ta g‘alaba, 11 ta mag‘lubiyat va durangsiz natijaga ega.
To‘rtinchi o‘rinni esa ukrainalik Oleksandr Xijnyak band etdi. 31 yoshli yarim og‘ir vazn bokschisining rekordi 129 ta g‘alaba va 17 ta mag‘lubiyatdan iborat.
Fazliddin Erkinboyev beshinchi o‘rinda
O‘zbekistonning yana bir vakili Fazliddin Erkinboyev umumiy reytingda beshinchi pog‘onani egalladi.
Namanganlik 21 yoshli bokschi yarim og‘ir vazn toifasida qatnashadi. BoxRec ma’lumotlariga ko‘ra, u havaskor ringda 57 ta g‘alaba va atigi uchta mag‘lubiyat qayd etgan.
Uning so‘nggi janglaridagi natijalari ham muvaffaqiyatli bo‘lib, reytingdagi yuqori o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilgan.
To‘rabek Habibullayev Top-10 dan joy oldi
22 yoshli To‘rabek Habibullayev BoxRec reytingida sakkizinchi o‘ringa joylashdi. Toshkentlik bokschi og‘ir vazn toifasida jang qiladi. Uning hisobida 62 ta g‘alaba va sakkizta mag‘lubiyat mavjud.
Habibullayevning so‘nggi olti uchrashuvidagi natijalari ham ijobiy bo‘lib, u xalqaro reytingda kuchli o‘nlikka kirishga muvaffaq bo‘lgan.
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev kuchli o‘nlikni yakunladi
O‘zbekiston vakillaridan yana biri Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev BoxRec umumiy reytingining o‘ninchi pog‘onasini egalladi.
25 yoshli farg‘onalik bokschi yarim o‘rta vazn toifasida ishtirok etadi. Uning havaskor boksdagi rekordi 69 ta g‘alaba va 10 ta mag‘lubiyatni tashkil qiladi. Mo‘ydinxo‘jayev so‘nggi oltita jangining barchasida g‘alaba qozongan.
Avvalroq «Kursiv» Bektemir Meliqo‘ziyev WBA qaroriga qarshi chiqqani haqida yozgan edi.