Britaniyada 1,3 mingga yaqin aviareyslar bekor qilindi

eʼlon qilindi
Eng katta muammolar Londonning Xitrou aeroportida kuzatilmoqda
Foto: Luxetimes.lu

Buyuk Britaniyada havo harakatini boshqarish tizimidagi texnik nosozlik sabab yuzlab aviareyslar bekor qilindi. Eng katta muammolar Londonning Xitrou aeroportida kuzatilmoqda. Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, 8-sentabr kuni mamlakat bo‘ylab qariyb 1 300 ta aviareys bekor qilingan, 9-sentabr kuni ertalab esa yana 177 ta reys amalga oshirilmagan. Parvozlar haqidagi ma’lumotlarni FlightRadar24 orqali ko‘rish mumkin. 

Nosozlik bartaraf etilgan, ammo muammolar saqlanib qolmoqda

Britaniyaning havo harakatini boshqarish bo‘yicha milliy xizmati NATS tizimdagi nosozlik bartaraf etilganini ma’lum qildi.

Tashkilotga ko‘ra, yuzaga kelgan muammo butun aviatsiya tarmog‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan va tizimni to‘liq normal holatga qaytarish uchun vaqt kerak bo‘ladi. NATS ayni paytda bekor qilingan va kechiktirilgan aviareyslar oqibatida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish ustida ishlamoqda.

Biroq British Airways nosozlik oqibatlari hali davom etayotganini bildirdi. Aviakompaniya bir kun avval 100 dan ortiq reyslarni boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltirishga majbur bo‘lgan. Samolyotlar va ekipajlar yetishmasligi sabab vaziyat yanada murakkablashgan.

Yuz minglab yo‘lovchilar zarar ko‘rdi

British Airways ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa sabab yuz minglab yo‘lovchilarning safarlari buzilgan.

Irlandiyaning Ryanair aviakompaniyasida ham 50 dan ortiq aviareyslar bekor qilingan. Bu 65 mingdan ziyod yo‘lovchilarga ta’sir ko‘rsatgan.

Vaziyat Londonning Gatvik aeroportida ham yo‘lovchilarga jiddiy noqulaylik tug‘dirdi. Yo‘lovchilardan biri holatni «mutlaq dahshat» deb ta’riflagan.

Nosozlik sport tadbirlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. «Arsenal» klubi «Napoli»ga qarshi Chempionlar ligasi uchrashuvi oldidan Italiyaning Neapol shahriga parvoz kechikkani sababli matbuot anjumanini bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Muammolar Liverpul, Birmingem va Edinburg aeroportlari, shuningdek, Irlandiyadagi Dublin aeroportida ham kuzatilgan.

NATS rahbari hukumatga hisobot berdi

Britaniya transport vaziri Xeydi Aleksandr NATS bosh direktori Martin Rolfni vaziyat yuzasidan izoh berish uchun chaqirtirgan.

Rolf yuzaga kelgan muammo uchun uzr so‘rab, hodisa uchun «to‘liq javobgarlikni» o‘z zimmasiga olishini bildirgan.

Ryanair operatsion direktori Nil Makman esa NATS rahbarini iste’foga chiqishga chaqirdi. Uning fikricha, 2023-yildagi yirik nosozlikdan uch yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay, Britaniya havo harakatini boshqarish tizimida yetarli o‘zgarish bo‘lmagan.

2023-yilda NATS tizimidagi nosozlik sabab Britaniyadagi aeroportlarda qariyb 2 mingta reys kechiktirilgan yoki bekor qilingan. Natijada 700 mingdan ortiq yo‘lovchi safarlari buzilgan.

NATS 2001-yildan buyon davlat-xususiy sheriklik modeli asosida faoliyat yuritadi. Britaniya hukumati kompaniyaning 49% ulushiga va strategik qarorlarga aralashish imkonini beruvchi «oltin aksiya»ga ega. Qolgan aksiyalar aviakompaniyalarga tegishli.

Avvalroq Indoneziyada Anak Krakatau vulqonining otilishi oqibatida beshta aeroport to‘liq yopiq holda qolgandi va bu vaziyat  340 mingdan ortiq yo‘lovchining aeroportda qolib ketishiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek