Dunyo bo‘ylab 371 kun: eng uzun kruiz yo‘lga chiqdi

eʼlon qilindi
Sayohat 371 kun davom etadi va yo‘lovchilar dunyoning turli mamlakatlaridagi 220 ta portga tashrif buyuradi
Foto: Daily Mail

Dunyodagi eng uzun uzluksiz rejalashtirilgan kruiz yo‘lga chiqdi. Sayohat 371 kun davom etadi va yo‘lovchilar dunyoning turli mamlakatlaridagi 220 ta portga tashrif buyuradi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Kruiz Explorations by Norwegian kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. 2026-yilgi ilk sayohat Rimdan boshlangan va to‘liq bir yildan ortiq davom etadi.

Kruiz 220 ta portga kiradi

Sayohat davomida kruiz Yevropa, Afrika, Osiyo va boshqa mintaqalardagi mashhur yo‘nalishlarga tashrif buyuradi.

Marshrutga Neapol, Kopengagen va Xelsinki kabi Yevropa shaharlari, shuningdek, Kabo-Verde, Keyptaun va Zanzibar kiradi. Alyaska, Yaponiya va Gretsiya ham sayohat dasturidan joy olgan.

Kruiz Regatta kemasida amalga oshiriladi. 348 ta xonaga ega kema bortida restoranlar, spa, basseyn, fitnes markazi, kutubxona va bar mavjud.

Bir yillik sayohat qancha turadi

Dunyoni to‘liq aylanib chiqishga mo‘ljallangan kruiz narxi 56 ming funt sterlingdan (894 mln so‘m) boshlanadi. Kompaniya qisqaroq – 8 kundan boshlab sayohat variantlarini ham taklif qilmoqda.

2026-yildagi 371 kunlik sayohat allaqachon to‘liq band qilingan. 2027-yilda esa Avstraliyadan boshlanadigan kruiz 367 kun davom etishi rejalashtirilgan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, sayohatchilar dunyo bo‘ylab imkon qadar kam takrorlanadigan manzillar orqali harakatlanadi.

Avvalroq AQShning Vashington shtatidan yo‘lga chiqqan to‘rt nafar sayohatchi 53 kun davomida eshkakli qayiqda harakatlanib, 5 ming kilometrga yaqin (3100 mil) masofani bosib o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek