Ehtiyojmand oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq 2% bo‘ladi

eʼlon qilindi
Hududlarda alohida shtablar ish boshladi
Ehtiyojmand oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq 2% bo‘ladi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga qabul qilgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi pasaytiriladi. Yangi tartib 1-oktabrdan kuchga kirishi belgilandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz etib belgilanadi

Yangi mexanizmga ko‘ra, qishloq tumanlarida faoliyat yuritayotgan korxona ehtiyojmand oilaning bir a’zosini ish bilan ta’minlasa, aynan ushbu xodim uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz miqdorida qo‘llanadi.

Mazkur imtiyoz 1-oktabrdan boshlab amal qilishi ko‘zda tutilgan. Tashabbusning asosiy maqsadi ehtiyojmand oilalarni faqat ijtimoiy yordam bilan qo‘llab-quvvatlash emas, balki ularni doimiy daromad manbaiga bog‘lashdan iborat.

Foto: prezident matbuot xizmati

Kambag‘allik faqat ijtimoiy reyestr bilan hal bo‘lmaydi

Yig‘ilishda hokimlar kambag‘allik masalasiga faqat ijtimoiy reyestr nuqtayi nazaridan yondashmasligi kerakligi ta’kidlandi.

Prezident ijtimoiy reyestr aholini qo‘llab-quvvatlash vositasi ekanini, kambag‘allikni qisqartirish esa oilaga doimiy ish, daromad, infratuzilma va tegishli sharoit yaratishni talab qilishini qayd etdi.

Shu sababli yangi tizimda bandlik idoralari, banklar, iqtisodiy kompleks tashkilotlari va hokimliklar har bir oilaning real sharoitidan kelib chiqib ishlashi kerak bo‘ladi.

Hududlarda alohida shtablar ish boshladi

3-sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligidagi maxsus shtablar tashkil etilgan.

Ularning vazifasi aholini ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish bilan bog‘liq masalalarni joyning o‘zida hal qilishdan iborat.

Shtablar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun iqtisodiy kompleksdan har bir viloyatga ikki nafardan, jami 28 nafar mas’ul rahbar biriktirilgan.

Shu bilan birga, prezident ayrim rahbarlar hamon ishni kabinetdan turib tashkil qilayotgani, mahallalarga tushib, oilalar va korxonalardagi real vaziyatni yetarlicha o‘rganmayotganini tanqid qildi.

Avvalroq «Kursiv» ijtimoiy reyestrdan chiqarish kambag‘allik qisqarganini anglatmasligi haqida yozgan edi.

Shuningdek