Ota-onalarning deyarli 74 foizi rozi: Toshkentda School Bus joriy etiladimi

Toshkent maktablarida o‘quvchilarni xavfsiz va qulay tashish uchun School Bus tizimini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Dastlabki so‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalar va vasiylarning 73,5 foizi maxsus maktab avtobuslari qatnovini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlagan.
Hozircha so‘rovnoma Toshkentdagi 328 ta maktabdan o‘quvchi soni ko‘p va School Bus tizimiga talab yuqori deb baholangan 29 tasida o‘tkazilgan.
So‘rovda 58 mingdan ortiq o‘quvchilar oilasi qatnashdi
So‘rovnomada 58,4 ming nafar o‘quvchining oila a’zolari yoki vasiylari ishtirok etgan. Dastlabki natijalarga ko‘ra, o‘quvchilarning 38,5 foizi maktabga piyoda boradi. Yana 33,1 foizi ota-onalari tomonidan shaxsiy avtomobilda olib kelinadi.
Avtobusdan foydalanuvchilar ulushi 18,3 foizni, taksidan foydalanuvchilar 5,7 foizni, metro orqali qatnovchilar esa 3,5 foizni tashkil etgan. Mikromobil vositalardan foydalanuvchilar ulushi 0,9% bo‘lgan.
73,5% ishtirokchi School Bus’ni qo‘llab-quvvatladi
So‘rovda qatnashganlarning 73,5 foizi maktablar uchun maxsus avtobus qatnovlarini tashkil etish istagini bildirgan.
Bu poytaxtda School Bus tizimiga sezilarli ehtiyoj borligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, o‘qing: Toshkentda maktab avtobuslari joriy etilishi mumkin
Yo‘nalishlar va avtobuslar soni keyin aniqlanadi
So‘rovnoma qolgan maktablarda ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi. Yakuniy natijalar asosida o‘quvchilar oqimi, zarur avtobuslar soni, yo‘nalishlar, qatnov jadvali, xavfsiz tushirish va olib ketish nuqtalari kabi masalalar o‘rganiladi.
Shundan so‘ng School Bus tizimini joriy etishning amaliy mexanizmlari ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda uni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik 15 yoshli o‘quvchilar PISA 2025 xalqaro baholash dasturida tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egallagani ma’lum qilingandi.